Joʻraqul boboning yagona umidi Mirziyoyevdan

Joʻraqul bobo Sohibov

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashaydigan 95 yoshli Ikkinchi Jahon Urushi faxriysi Joʻraqul bobo Sohibov oʻz arzini faqat Prezident Mirziyoyev tinglashini istaydi.

(Videoni BBC O'zbek YouTube kanalida yoki Facebook va Odnoklassnikidagi guruhida tomosha qiling)

Yer ustidan kelib chiqqan mojaro bir necha yildan buyon davom etmoqda, sudda koʻrib chiqilganida ham, Surxondaryo viloyat Adliya boshqarmasi, Kadastr idorasi masʼullari ham Joʻraqul bobo va farzandlarining haqligini aytganlar, rasmiy hujjatlarda qayd etilgan.

Urush faxriysini shu yil 9 may kuni Surxondaryo viloyat hokimi Erkin Turdimov xonadoniga borib tabriklagan.

Oʻshanda Sariosiyo tumani rahbarlari viloyat hokimiga yer mojarosi haqida soʻz ochmaslikni iltimos qilishgan, tez kunda muammoni hal qilib berishga vaʼda berganlar.

Shu yilning sentyabr oyida Prezident Mirziyoyevning Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov Surxondaryo viloyatida sayyor qabullar oʻtkazdi.

Joʻraqul boboning oilasi aʼzolari Uzun tumanida tashkil etilgan Tursinxon Xudaybergenov bilan uchrashuvga borishgan va sayyor qabul boʻlayotgan binoga kirishga harakat qilganlar.

Biroq bu gal ham arzu-hol qilishga yoʻl berilmagan.

Oktyabr oyida Internetda video eʼlon qilganlar.

Shundan keyin oila oʻzlariga nisbatan bosim kuchayganini, militsiyaga tergovga chaqirilganlarini aytmoqdalar.

BBC ushbu masala boʻyicha Sariosiyo tumani hokimi Asqarali Joʻrayev bilan telefon orqali bir necha marta bogʻlandi.

Tuman hokimi bir necha marotaba majlisda ekanini, telefon orqali soʻzlashish imkoniyati yoʻqligini aytdi.

Urush veteraniga nisbatan nohaqlik boʻlayotgani aytilganida, Asqarali Joʻrayev, "kelib hamma hujjatlar bilan tanishish mumkinligini, oʻzlarining haqligini isbotlaydigan hamma hujjatlar bor"ligini aytdi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq