"Oʻzbekistonda oylik 3 million soʻm boʻlganida edi..."

Bahodir Eliboyev Image copyright facebook

Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqining qancha ekani rasman maʼlum qilingan.

Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bu summa bugunda 1 million soʻm 346 soʻmni tashkil qiladi.

Qoʻmitaga koʻra, oylik ish haqining ayni koʻrinishdagi oʻrtacha miqdori joriy yilning yanvaridan sentyabrigacha boʻlgan davrni koʻzda tutadi.

Bu kabi tafsilotlar Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi vakillari ishtirokida 14 dekabr kuni Xalqaro Press-klubning Toshkentda boʻlib oʻtgan yigʻini chogʻida maʼlum boʻlgan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, eʼlon qilingan mazkur raqamlar Oʻzbekistonda oʻtgan yilning xuddi shu davriga nisbatan oʻrtacha ish haqining 14.2 foizga oshganiga dalolat qiladi.

Videoni BBC O'zbek YouTube kanalida tomosha qiling.

Soʻnggi yangilikka munosabat bildirgan rishtonlik faol va jurnalist Bahodir Eliboyevning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, "buncha miqdordagi oylikka yashashning imkonsizligini ularning oʻzlari ham bilishadi".

Oʻrtacha oylik...

Image copyright courtesy

"Misol uchun, oʻrtacha ish haqi oladigan bir davlat ishchisini oladigan boʻlsak, hisoblagichni olib tashlab, oylik toʻloviga oʻtgan boʻlsa, 250 ming soʻm gazga toʻlaydi. 100 ming soʻm atrofida "svet"ga toʻlaydi. Axlatga, suvga 20 ming soʻm toʻlaydi. Bir qop unni oʻzingiz koʻrayapsiz, bahosi 100 ming soʻmdan oshiqroq boʻlib turibdi. Kiyim-kechaklarni koʻrayapsiz, narxi osmonda... Albatta, bu bitta oʻziga. Yana u plastik: Bu "podoxod"dan keyin, yana obuna, degan nima bor, undan keyingi yuklanmalar yaʼni..."profsoyuz" va hokazo...Ushlanmalardan qoʻlingizga tegadigani 1 million 900 ming soʻm boʻlib qoladi, u 1 million 300 soʻm boʻlgan taqdirda ham...", - deydi bu suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, "hozirda davlat ishida ishlayotganlar, ayniqsa, shifokorlar, oʻqituvchilar, bogʻcha tarbiyachilari rostdan ham tang ahvolda qolishgan".

"Lekin nima qilishsin, qoʻllaridan boshqa bir ish kelmaydi", - deydi u.

"Keyin bizda yashirin iqtisodimizni kuchaytirib beradigan bir tabaqa bor. Ularning oldida men, kerak boʻlsa, doimo bosh egib kelaman. U - "rossiyachilar". Qoʻlidan bir hunar, ish keladigan odam Rossiyaga borayapti va uyiga oyida kamida, yoʻq deganda, 300-400 dollar joʻnatayapti. Tashqariga borib, ishlab kelayotganlarning hisobiga ham, xalqimiz ancha yaxshi yashayapti", - deya qoʻshimcha qiladi bu suhbatdoshimiz.

Unga koʻra, hozir "agar 3 million soʻm oylik maoshi olsa, bu Vatan rostdan ham oʻzimizniki boʻlibdi, deya hamma faxrlanib gapira oladi".

Oʻzbekistonda maoshlar, nafaqalar, stipendiyalar va imtiyozlar soʻnggi bor 1 dekabrda oshirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabrda imzolagan farmoniga koʻra, bu miqdor oʻrtacha 15 foizni tashkil etgan.

Bu - Mirziyoyev prezident etib saylangan oʻtgan dekabrь oyidan buyon Oʻzbekistonda maoshlarning ilk bor oshirilishi boʻlgandi.

Ammo

Oʻzbekistonda aholi maoshlarning oshishi haqidagi yangilikni koʻpincha xavotir bilan qarshi oladi, sababi narx-navoning oshib ketishidir.

Maoshlar bilan birga, baʼzan esa maoshlardan avvalroq nafaqat bozordagi mahsulotlar, balki kommunal toʻlovlar va jamoat transporti narxlari ham koʻtariladi.

Qish mavsumida esa gaz va elektr taqchilligi oilalar zimmasiga xonadonlarni isitish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni ham yuklaydi.

Mutaxassislarga koʻra, soʻnggi yillarda Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar oʻzbek soʻmini butunlay barbod boʻlishdan asrab qolgan.

Ammo rublning qadrsizlanishi Oʻzbekistonga yuborilayotgan mablagʻlarning kamayishini anglatadi.

Hukumat bu kabi vaziyatda soʻmning qiymatini ushlab turish uchun qanday choralar koʻrishni rejalayotgani maʼlum emas.

Rossiya iqtisodining sekinlashishi va gʻarbning Moskvaga qarshi jazo choralari Oʻzbekistondagi aholi daromadlari va inflyatsiyaga qanday taʼsir koʻrsatishi borasida rasmiy hisob-kitob va bashoratlar ham mavjud emas.

Yuz minglab oʻzbek oilalari kundalik tirikchilik uchun Rossiyada ishlab topilayotgan pullarga qarab qolgan.

Federal Muhojirlik Xizmatining bildirishicha, hozir Rossiyadagi oʻzbek muhojirlarining soni rasman ikki millionga yaqin.

Bu MDH davlatlari orasida eng katta raqamlardan biri boʻladi.

"Yashash uchun eng qimmat"

Image copyright official

Numbeo portali tuzgan 2016 yilgi "Cost of Living Index" reytingida Oʻzbekiston yashash qimmat boʻlgan davlatlar roʻyxatidan oʻrin olgan.

112 davlatdagi isteʼmol narxlari, turar-joy ijarasi va oziq-ovqat hamda aholining xarid qobiliyati singari omillar hisobga olingan roʻyxatda Oʻzbekiston 51-oʻrinni egallagan.

Shu tariqa Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida yashash uchun eng qimmat mamlakat deb topilgan.

Tadqiqotga Nyu-Yorkdagi narxlar asos qilib olingan.

Unda masalan, Nyu-Yorkdagi narxlar 100 foiz deb hisoblansa, 70 foizlik indeksni egallagan mamlakatdagi narx-navo Nyu-Yorkka nisbatan 30 foizga arzon deganidir.

120 foizlik indeks esa xarajatlar 20 foiz koʻpligini anglatadi.

Reytingga muvofiq, Oʻzbekistondagi narxlar Nyu-Yorkdagi umumiy narxlarning 44,67 foizini tashkil etgan.

Misol uchun, Qozogʻistonda bu nisbat 26,82, Ozarbayjonda esa 28,93 foizga teng.

Oʻtgan yilgi reytingda Oʻzbekiston 55,92 foiz koʻrsatkich bilan 59-oʻrinni egallagandi.

"Cost of Living Index" ga koʻra, dunyoning yashash eng arzon boʻlgan davlatlari Hindiston, Moldova hamda Pokistondir.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq