Oʻzbekistonda OVIR vizasi qachon bekor boʻlishi aytildi

Image copyright uzbekistan24

Oʻzbekistonda chet elga chiqish pasporti 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab joriy etiladi.

Ushbu sanadan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elga chiqish ruxsat yozuvi talab etilmaydi.

Bu haqda IIV matbuot xizmati IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik B.U.Shariksiyevning soʻzlarini keltirgan.

"Oʻzbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik B.U.Shariksiyev javob beradi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi "Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini chet elga chiqish pasportini joriy etish toʻgʻrisida"gi PF-5156-sonli Farmoniga asosan 2019 yilning 1 yanvarь kunidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elga chiqishlari uchun "chet elga chiqish pasporti" joriy etiladi, unga koʻra, ushbu chet elga chiqish pasporti bilan xujjatlashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elga chiqish ruxsat yozuvi talab etilmaydi", - deb aytgan Ichki ishlar vazirligi mulozimi.

Ammo mulozim xorijiy pasport qancha muddatga berilishini aytmagan.

Prezident Mirziyoyev shu yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasida qilgan nutqida xorijga chiqish vizasini "oʻtmish qoldigʻi" deb atagandi.

"Xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo oʻtab boʻlgan oʻtmish qoldiqlari bekor qilindi", degan Prezident BMT minbaridan qilgan nutqida.

Inson haqlari tashkilotlari Oʻzbekistonda sovet davridan buyon amal qilib kelgan chiqish vizasini fuqarolarning erkin harakatlanish huquqini cheklovchi Konstitutsiyaga zid akt, deya qoralab kelganlar.

Ularga koʻra, hukumat chiqish vizasidan oʻzgacha fikrdagi insonlarning harakatlanishini cheklashda foydalanib kelgan.

Yangi yil arafasida 6 yillik taqiqdan soʻng taniqli rassom Vyacheslav Oxunovga chiqish vizasi berilgan.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002