"Goʻzal qiynoqlardan qoʻrqqani uchun yashiringan"

Goʻzal Toʻxtaxoʻjayeva Image copyright BBC O'zbek

Toshkent shahridagi onasining uyi tomida Goʻzal Toʻxtaxoʻjayeva hibsga olingan.

Onasi Aziza Ahmedovaning BBCga aytishicha, 15 yanvar tongida Uchtepa tumanidagi hovlisiga Toshkent shahri va Uchtepa tumani militsiyasi, Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari kelib tintuv oʻtkazishgan.

Tomga chiqqan ikki qidiruvchi Goʻzalni topganida, qoʻrqqanidan uning oyoqlari ishlamay qolgan.

"Shu holida qoʻliga kishan solib tomdan koʻtarib olib tushishdi va issiq kiyimini kiyishga ham ruxsat bermay, sovuq havoda stulga oʻtirgʻizib qoʻyishdi", dedi onasi.

BBCning, "qidiruv eʼlon qilinganini bilgan Goʻzalning oʻzi nega militsiyaga bormadi", degan savoliga Aziza Ahmedova, "qiynoqlardan qoʻrqqani uchun", deb javob berdi.

U koʻplab qarindoshlari singari oʻzlari ham soʻnggi qariyb 20 yil davomida "terrorchi", "estremist" tamgʻalari bilan yomonotliq qilinganidan, tez-tez uylari tintuv qilib turilishidan yuraklari bezillab qolganini aytadi.

"Goʻzalni jinoyat sodir etgan deyishayapti. Lekin oʻsha paytlarda u VICh virusidan nobud boʻlgan bir yarim yashar bolasi bilan shifoxonama-shifoxona yurishga majbur edi. Bizda hamma kasallik qogʻozlari bor", deydi onasi.

"Men Prezident Mirziyoyev nomiga ariza yozganman. (Qizimni) urishlaringdan qoʻrqib, oʻsha arizamga javobni kutib turgan edim. Javob kelsa, qizimni oʻzim olib bormoqchi edim. Chunki uning hech ham gunohi yoʻq", dedi Aziza Ahmedova.

Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida militsiya va Milliy Xavfsizlik xizmati juda koʻp begunoh insonlarni 159-konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, "Vahobiylik", Hizbut-Tahrir" singari noqonuniy diniy tashkilotlarga aʼzolikda ayblab qamab yubordi.

Image copyright Guvd.uz
Image caption Toshkent militsiyasi hali sud qarorisiz Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevani oʻta xavfli jinoyatchi sifatida taqdim etgan

Soxta ayblovlar, jinoyat ishlari qiynoqlar asosidagi koʻrsatmalarga asoslangani, sud payti qiynoqlar va boshqa noqonuniy hatti-harakatlar bilan koʻrsatmalar olingani haqidagi iqrorlar sudyalar tomonidan inobatga olinmagani mahalliy va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining yirik-yirik hisobotlarida tanqid qilib kelindi.

Oʻzbekistonda faqat namozxon boʻlgani uchun gunohkorga aylantirish siyosati yuritib kelinganini Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzi eʼtirof etdi va bunday amaliyotlarga chek qoʻyishga chaqirdi.

Prezident qiynoqlarga qarshi hujjatni imzoladi.

Oʻsha eski praktikani davom ettirayotgan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi 2017 yil noyabrida poytaxt va Toshkent viloyatida 80 tacha erkak va ayolni hibsga oldi.

Hibsga olinganlarning ayrimlari qiynoqlarga tutildi.

Ushbu hibslardan koʻzlangan asosiy maqsad - 2009 yildan qidiruv eʼlon qilingan Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevani qoʻlga olish ekanini aytdilar Toshkent IIBB rahbarlari.

Qoʻlga olingan insonlar qiynoqlarga tutilgani haqidagi xabarlar ortidan 25 noyabrda Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaga qidiruv eʼlon qilindi.

Toshkent militsiyasiga koʻra, 1986 yili Toshkent shahrida tugʻilgan Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi "b" bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlagan holda Oʻzbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va u Uchtepa tumani Tergov boʻlimi tomonidan qidiruvga berilgan.

Yaqinlarining aytishicha, Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaning tergovi bilan Milliy Xavfsizlik xizmati shugʻullanyapti.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq