Freedom House: Oʻzbek fuqaro jamiyati erkinroq nafas olishni boshladi

Freedom House Image copyright Official
Image caption Tashkilot Mirziyoyev islohotlar tomon ehtiyotkor odimlar otayotganini aytgan

AQShning "Freedom House" inson haqlari tashkiloti Oʻzbekistonni erkin boʻlmagan davlatlarning "eng yomonlari" roʻyxatida qoldirgan.

"Oʻzbekiston erkin emas"

Ayni paytda tashkilot oʻzbek hukumati Karimovning oʻlimi ortidan mamlakatda islohotlar boshlanganini qayd etgan.

Dunyoda erkinliklarning ahvoliga doir bu yilgi hisobotida Freedom House nohukumat tashkiloti Oʻzbekistonda oʻtgan bir yil ichida yuz bergan ijobiy oʻzgarishlar qatorida aholining baʼzi qatlamlari paxta mavsumidagi majburiy mehnatdan ozod etilganini hamda hukumatning chiqish vizasi rejimiga barham berish va oʻzbek soʻmini toʻliq konvertatsiya qilish rejalarini qayd etgan.

"Yangi hukumat shuningdek, fuqaro jamiyati uchun erkinroq nafas olish uchun sharoit yaratdi, davlat tomonidan faollarni qoʻrqitishlari kamaydi va 2010 yildan buyon ilk bor Human Rights Watch hayʼatining Oʻzbekistonga kirishiga izn berdi", deyiladi Freedom House hisobotida.

Ayni paytda tashkilot Oʻzbekiston hanuz "yopiq politsiya davlati" sifatida qolayotganini qayd etgan.

Freedom Housening aytishicha, Oʻzbekistonning yangi hukumati ochiqlik va xalqaro muloqot sari "ehtiyotkorlik bilan odimlar otmoqda".

"Ammo, - deyiladi hisobotda, - dunyoning eng repressiv siyosiy tuzumlaridan boʻlgan Oʻzbekistonda jiddiy oʻzgarishlar yasash uchun xalqaro eʼtibor zarur".

Freedom House Oʻzbekiston ichkarisidagi mustaqil matbuot va fuqar jamiyatini dastaklashga chaqirgan.

"Diktatorlarning doʻsti"

Freedom House Donald Tramp maʼmuriyatining inson haqlari borasidagi yondashuvini keskin tanqid qilgan.

Hisobotda aytilishicha, Tramp maʼmuriyati oxirgi 70 yilda AQSh tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlgan inson haqlari tamoyillaridan chekinganini soʻzda ham, amalda ham koʻrsatgan.

Freedom House Amerika prezidentini dunyoning ayrim eng jirkanch diktatorlari bilan shaxsiy doʻstlik oʻrnatganini qoralagan.

Tashkilot shuningdek, dunyoda Rossiya va Xitoyning aksildemokratik taʼsiri kuchayganidan tashvish izhor qilgan.

Hisobotga koʻra, dunyo boʻylab inson haqlarining ahvoli yomonlashishda davom etmoqda.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq