Inoyatov Prezident maslahatchisi etib tayinlandi

Rustam Inoyatov Image copyright kun.uz
Image caption 73 yoshli Inoyatov 31 yanvar kuni MXX raisi lavozimidan boʻshatilgan

MXXning endilikda sobiq raisi Rustam Inoyatov Prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar boʻyicha Davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 yanvardagi PF-5317-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 24 bandiga muvofiq Rustam Rasulevich Inoyatov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining siyosiy-huquqiy masalalar boʻyicha Davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Raisi lavozimidan ozod etildi", deyiladi rasmiy xabarda.

73 yoshli Inoyatov 31 yanvar kuni MXX raisi lavozimidan boʻshatilgani xabar qilingan.

Sobiq sovet KGBsidan chiqqan Inoyatov MXXga 22 yil rahbarlik qilgan.

U Oʻzbekistondagi eng qudratli shaxslardan biri va oʻz vaqtida prezidentlikka daʼvogar sifatida koʻrilgan.

Karimov vafotidan keyingi siyosiy hokimiyat oʻtish jarayonida Inoyatov eng muhim shaxs boʻlgani aytiladi.

Prezident Mirziyoyev bilan MXX rahbari oʻrtasida qudrat uchun zimdan kurash ketgani haqida farazlar keng tarqagandi.

Gʻarb nashrlari Inoyatovning vropadagi biznes manfaatlari haqida yozgan.

Oʻtgan yil dekabrida Shavkat Mirziyoyev MXXni tubdan isloh qilishga vaʼda bergan.

Toshkentdagi manbalarning aytishicha, 31 yanvar kuni kuch tizimlari rahbarlari ishtirokida oʻtgan videoselektorda Prezident Mirziyoyev MXX faoliyatini keskin tanqid qilgan.

51 yoshli sobiq bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev MXX raisi lavozimiga tayinlangan.

Uning oʻtmishda maxsus xizmatlarga aloqasi boʻlmagani aytiladi.

Ixtiyor Abdullayev oʻrniga prezidentning davlat maslahatchisi Otabek Murodov respublikaning yangi Bosh prokurori etib tayinlangan.

Rustam Inoyatov endilikda Murodovning oʻrnini egallaydi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq