"Bobomurod Abdullayevning ahvolidan jiddiy xavotirdamiz"

Bobomurod Abdullayev Image copyright Facebook

Oʻzbekistonlik faollar MXX hibsxonasida qiynoqlarga tutilgani aytilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev ahvolidan xavotir bildirib chiqishdi. Ular MXX raisi Inoyatov ishdan ketishi ortidan barcha diniy va siyosiy mahbuslarni ozod qilish taklifini bildirishdi.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva Oʻzbekistonda MXX hibsxonasida qiynoqlarga solinayotgani aytilgan jurnalist Bobomurod Abdullayevning taqdiriga befarq boʻlmaslikka chaqirmoqda.

Nadejda Atayevaning murojaatini BBCUZBEK.COM ning YouTube dagi kanalida tomosha qiling

"Oʻzbekistonda fergana.ru muxbiri Bobomurod Abdullayevning tergov ishi nihoyasiga yetdi. Tergov 4 oydan koʻp davom etdi, uch advokat ishga kirisha olmadi va tergovda qatnasholmadi. Jamoatchilikka va inson huquqlari tashkilotlariga maʼlum boʻlishicha, advokatning Abdullayev bilan uchrashuvlari chogʻida MXX vakili hamisha ishtirok etgan va bu Bobomurodning yaqinlari va himoyachisi bilan muloqotini qattiq chegaralagan", deydi Nadejda Atayeva.

U Bobomurod Abdullayevning MXXning boshqa mahbuslari singari qiynoqlarga tutilayotgan boʻlishi mumkinligini aytgan.

"Koʻp ishoralar va MXX hisbxonasida ushlangan koʻp sobiq mahbuslar koʻrsatmasiga koʻra, biz bu muassasalarda qiynoqlar muntazam ravishda qoʻllanishi haqida maʼlumot olganmiz. Shu sababdan biz Abdullayevning ahvolidan jiddiy xavotirimizni izhor qilmoqchimiz", deydi huquq faoli.

U bu ish BMTning inson huquqlari oliy komissari va qiynoqlar boʻyicha maxsus maʼruzachisi va fikr erkinligi boʻyicha maʼruzachisi va barcha demokratik davlatlarning diplomatik missiyalari eʼtiboriga molik ish deb bilishini taʼkidlagan.

"Abdullayev taqdiriga befarq boʻlmagan har bir inson tushunadiki, Bobomurodning ozodligi uchun kurashish bilan har birimiz oʻz fikrimizni erkin izhor qilish huquqimiz uchun kurashamiz", deydi u.

Oldinroq 10 yanvar kuni oʻgʻli Bobomurod Abdullayev bilan MXX hibsxonasida uchrashgan Gavharjon Madaminova Shavkat Mirziyoyevga video murojaat yoʻllab oʻgʻlining dahshatli qiynoqlarga tutilganini haqida gapirgan edi.

Maʼlum boʻlishicha, jurnalist yaqinlari tomonidan tayinlangan advokatlardan MXX tergovchilari tomonidan ayovsiz kaltaklanish va tahdidlar ortidan voz kechishga majbur boʻlganini aytgan.

"14 dekabrda Moyorov kelganda mening orqalarim momataloq boʻlib koʻkarib yotgandi. Moyorov kiyimingizni yechib koʻrsam boʻladimi, desa, yoʻq deb koʻrsatmadim. Onajon sizdan iltimosim shu. Bu yerdan chiqqandan keyin hech kimga hech narsa demang. Bolam yaxshi ekan deb qoʻyavering", deb jurnalistning onasi oʻgʻlining gaplaridan iqtibos keltirgan.

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon MXX raisi Rustam Inoyatov vazifasidan ozod qilingach yangi rahbariyatga murojaat bilan chiqdi.

Murojaatni BBCUZBEK.COM ning YouTube dagi kanalida tomosha qiling

"Shu kunlarda tarixiy davrda yashayapmiz. Mamlakatda siyosiy, diniy vaziyatni tuzatish boʻyicha qilinayotgan harakatlar keyingi pallalarda sezilarli darajada kuchaydi. Fursatdan foydalanib, men yangi rahbariyatimizdan siyosiy va diniy mahbuslar masalasini ijobiy hal qilishlarini soʻrayman", deb aytadi u.

Yozuvchi qariyb 25 yildan beri qamoqda qolayotgan va sud tomonidan berilgan muddati tugashiga qaramasdan yangi muddat qoʻshib berilayotgan qoʻqonlik diniy ulamo Muhammad Rajab, MXX tergov izolyatorida qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev va blogger Akrom Maliklarning ozod qilinishini soʻragan.

"Qoʻqonlik imom domla Muhammad Rajab yaqin chorak asrdan beri qamoqda yotibdilar. Arzimas sabab va ayblar bilan asosiy muddatlari tugab ketganiga qaramay bir necha muddat uzaytirib berilgan. Qancha tez chiqarilsa manga bu kunning shukuhiga yarashadi. Yaqin yillar va oylarda qamalgan bir necha siyosiy mahbuslar bor. Masalan, jurnalist Bobomurod Abdulla undan oldinroq, olim yigit Akrom Malik va ismlar sanayman desa juda koʻp. Bularni endi oʻz davrida boʻlar boʻlmas ayblar bilan ayblashdi. Bugungi islohotlar va bugun xalqning ruhini koʻtarib turgan bir pallada bu insonlarning va bu insonlarga oʻxshagan minglab vatandoshlarimizning hibslardan ozod boʻlishlari mana shu chiroyli davrga yarashadigan oliyjanob ish boʻlgan boʻlardi", deydi Nurulloh Muhammad Raufxon.

Oldinroq MXX raisi Rustam Inoyatov lavozimidan olinishi ortidan Bobomurod Abdullayev ishida siljish boʻlayotgani haqida xabar bergan edik.

Jurnalistning tergovi tugaganiga 1 oydan oshgan boʻlsa-da, ishi tasdiqlanish uchun prokuraturaga yuborilmay kelayotgandi.

2 fevral kuni Bobomurod Abdullayev ishini olib borayotgan tergovchining yordamchisi Aleksandr Veselov jurnalistning xotini Qutliqiz Balxibayevaga ish 6 fevral kuni Bosh prokuraturaga tasdiqlatish uchun yuborilishini maʼlum qildi.

Jurnalistning tergov-surishtiruv ishlari 27 dekabrda tugagan.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha, tergov tugashi bilan ish choʻzib oʻtirmasdan prokuraturaga tasdiqlatish uchun yuborilishi kerak.

"Bunaqasi hali boʻlmagan. Tergov tugaganiga bir oydan oshdi. Ammo ular nima qilishni bilmay hali ham ishni prokuraturaga oshirgani yoʻq. Inoyatov ketganidan keyin jurnalistning xotiniga ish 6 fevral kuni Bosh prokuraturaga oshirilishini maʼlum qilishibdi", deydi u.

Surat Ikromovning aytishicha, Inoyatovning qudratdan ketishi atrofidagi mish-mishlar Abdullayev ishini olib borayotganlarni ikkilantirib qoʻygan. Ularda keyingi qadam qanday boʻlishi haqida tasavvur boʻlmagan.

"MXX nima qilishni bilmay qolib boshi qotgan. Inoyatovning lavozimidan ketishi Bobomurod Abdullayevning ishiga taʼsir qiladi. Biroq Inoyatovning senat aʼzosi va Prezident maslahatchisi boʻlib qolishi jurnalist ishida biz kutgan natijani bermasligi mumkin", deydi Surat Ikromov.

Huquq faolining taʼkidlashicha, Bobomurod Abdullayev kabi ishlarda tergovchi hal qiluvchi rolni oʻynamaydi. Ularga tepadan bu borada topshiriq beriladi. MXXning yangi rahbari Ixtiyor Abdullayevning barcha ishni oʻz nazoratiga olishi uchun esa biroz vaqt kerak.

"Ixtiyor Abdullayev yangi lavozimiga moslashib, tanishib chiqishi uchun 10-15 kun vaqt kerak. Shundan soʻng Bobomurod Abdullayev ishida ijobiy oʻzgarish boʻlishiga umid qilsa boʻladi. Biroq umidlarimiz qanchalik oʻzini oqlashi hozircha nomaʼlum", deydi Surat Ikromov.

Inson haqlari faoli Surat Ikromov BBCga taqdim etgan qaror nusxasidan maʼlum boʻlishicha, sudʼya Shamsuddinova E.R raisligida oʻtgan mahkama Bobomurod Abdullayev "2011 yildan shu kungacha" "Usmon Haqnazar" taxallusi ostida muxolifatdagi Oʻzbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solihning "buyurtmalarini bajarib kelgani"ni aniqlagan.

Mahkama aniqloviga koʻra, "amaldagi tuzumni bosib olishga chaqiruvchi" maqolalar internet orqali Muhammad Solihga yetkazib turilgan.

Sud Bobomurod Abdullayevni "OʻXX funktsioneri" deb atagan.

Tergov Bobomurod Abdullayevning asosiy manbalari Salayev Ravshanbek Boyjonovich va Olloyorov Shavkatjon Olloyor oʻgʻli ismli Oʻzbekiston fuqarolari ekanini aytgan.

Mahkama qarorida aytilishicha, bu ikki shaxs Bobomurod Abdullayevning tanishlari boʻlgan va ular "qoʻriqlanadigan shaxslar, yirik ishbilarmonlar va Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari rahbariyatiga kirish imkoniga ega boʻlganlar".

Mahkamaga koʻra, ular oʻzlari "etkazgan maʼlumotlar hokimiyatni noqonuniy yoʻl bilan bosib olishda ishlatilishini bilganlari holda Bobomurod Abdullayev uchun, uning topshirigʻi bilan materiallar toʻplashgan va unga yetkazib turganlar.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev rasman "Usmon Haqnazar"imzosi ostida "amaldagi tuzumni oʻzgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va Oʻzbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq