"Rashitjon Qodirov tugʻilgan kunini uyida nishonlaydi"

Oʻzbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov Image copyright Official

Respublika prokuraturasi sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov hibsga olingani haqidagi xabarni rad etdi.

BBCning Toshkentdagi manbasi aytishicha, Rashitjon Qodirov hibsga olinmagan va ertaga, yaʼni 24 fevral kuni oʻzining 64 yillik tavallud kunini erkinlikda nishonlaydi.

Prezident Mirziyoyev ochiq va shaffoflikka chaqirayotgani, 15 fevralda davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini jonlantirish haqida maxsus qarorni imzolaganiga qaramasdan, koʻplab mutasaddi idora va tashkilotlarning matbuot xizmatlari Karimov zamonidagi axborot tarqatish emas, balki oʻz idorasi haqidagi axborot yoʻlini toʻsish vazifasini bajarishda davom etmoqdalar.

Xuddi shunday vaziyat sobiq bosh prokuror hibsga olingani haqidagi xabarlar ortidan kuzatildi.

Bir kun oldin Oʻzbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov hibsga olingani va Toshkentdagi respublika prokuraturasi binosida soʻroq qilinayotgani, mamlakatning eng uzoq vaqt - 15 yil Bosh prokurori boʻlgan shaxs "yirik miqdorda davlat mulkini oʻzlashtirish va xorij banklari vositasida pul yuvish amaliëtlarini oʻtkazish"da ayblanayotgani xabar qilindi.

BBC bilan suhbatlashgan Respublika prokuraturasining matbuot xizmati xodimi aytishicha, "Qodirov hibsga olinmagan va Bosh prokuratura tomonidan unga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani yoʻq".

1952 yil 23 fevralida tugʻilgan Rashitjon Qodirov 2000 yil Oʻzbekiston Bosh prokurori lavozimini egallagan.

Shundan keyin u uch marta, yaʼni 2005, 2010, 2015 yillarda besh yillik muddatga qayta tayinlangan.

2015 yilning boshida 4-muddatga Bosh prokuror boʻlgan, biroq oradan bir necha oy oʻtib lavozimidan ozod etilgan edi.

Rashitjon Qodirov 2015 yilning 16 mayida Konstitutsiyaviy sud sudьyasi etib tayinlangan, 2017 yil avgustida Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Konstitutsiyaviy sud aʼzolari qayta tayinlanganda lavozimidan boʻshatilgan edi.

Oʻzbekiston sobiq bosh prokurori va uning yaqinlarining ism-shariflari xalqaro jurnalistik tadqiqotlari obʼektiga aylangan, xususan, Boltiqboʻyi mamlakatlari oʻzbekistonliklar uchun "pul yuvish" makoniga aylangani haqidagi maqolalar ham eʼlon qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prokuratura tizimini keskin tanqidlarga tutdi.

U prokurorlarni yomon koʻrishini, prokuror lavozimiga tayinlangan insonlarning darror oʻzini tutishi oʻzgarib qolishini aytgan prokurorlarni "eng katta oʻgʻri"lar deb atagan.

Prezident Mirziyoyev prokuraturada 80 foiz odam oʻzgartirildi, dedi.

Prezident Mirziyoyev sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov rahbarligida prokuraturaga ishga olingan kadrlarini "axlat", "oʻgʻri tizim" deb ham taʼriflagan.

- Mana biz yangi Bosh prokurorni qoʻydik va 80 foiz odamni oʻzgartirdik. Oldingi qolgan axlatdan¸ oldingi Bosh prokuror qoldirgan oʻgʻri tizimdan 20-15 foiz odamlar yuripti. Bularni baribir oʻzgartiramiz oxirigacha", degan Prezident Mirziëev.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq