Bobomurod Abdullayev ishi sudda, tergovchi qamoqda

Bobomurod Abdullayev Image copyright Courtesy

Toshkentdagi MXX hibsxonasida ushlab turilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev ustidan tergov nihoyasiga yetgan va ish Toshkent shahar sudiga oshirilgan.

Bu haqda jurnalistning ishini yaqindan kuzatayotgan mustaqil huquq faoli Surat Ikromov xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, Abdullayev ustidan mahkamaning qachon boshlanishi hozircha advokati va yaqinlariga maʼlum qilinmagan.

Bobomurod Abdullayev bilan birga mahkamada mustaqil bloger Hayotxon Nasriddinov hamda Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar ham hozir boʻlishi kutiladi.

Jinoyat ishida Salayev va Olloyorovlar Boboburod Abdullayev - "Usmon Haqnazarov"ning manbalari boʻlib xizmat qilgani aytilgan.

Bobomurod Abdullayev va "sheriklari" JKning 159-moddasi, konstitutsiviy tuzumga tajovuzda ayblanmoqda.

44 yoshli Bobomurod Abdullayev oʻtgan yilning 27 sentyabrida MXX tomonidan hibsga olingandi.

Oʻtgan oy yaqinlari uning tergov jarayonida shafqatsiz qiynoqlarga tutilganini aytishgan.

Hayotxon Nasriddinov oʻtgan yil 20 oktyabrida hibsga olingan.

Xalqaro tashkilotlar Bobomurod Abdullayevga qarshi ayblar siyosiy ekanini aytib, uni zudlik bilan ozod etishga chaqirganlar.

Tergovchi qamoqda

Ayni paytda Bobomurod Abdullayevni hibsga olishga buyruq bergan MXX polkovnigi Nodir Toʻraqulovning qamoqqa olingani tasdiqlanmoqda.

16 fevral kuni Toshkent harbiy sudi yopiq maslisida chiqargan ajrimidan maʼlum boʻlishicha, 42 yoshli Nodirbek Toʻraqulovga nisbatan JK 301-moddasi 1-qismi (Xokimiyatni suiisteʼmol qilish, xokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki xokimiyat xarakatsizligi ) hamda 230-moddasi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish) bilan ayblov eʼlon qilingan.

Toʻraqulov muqaddam MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergov boʻlimi rahbari boʻlib ishlagan.

Prezident Mirziyoyev MXX Surxondaryoni "talagani va chiritib yuborgani"ni aytgandi.

Image copyright Surat Ikromov
Image caption Toshkent harbiy sudi aniqlovi

Asli andijonlik Toʻraqulov sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov akasining kuyovi ekani aytiladi.

15 yildan ortiq Bosh Prokuror boʻlib ishlagan Rashitjon Qodirov 23 fevral kuni qoʻlga olingan.

Bosh prokuraturaga koʻra, idoraning sobiq rahbari oʻz lavozimini suiisteʼmol qilish va pora olishda gumon qilinmoqda.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq