Putin yigʻlagan kun

Putinning koʻz yoshlari Image copyright Reuters
Image caption Putinning koʻz yoshlari

18-mart kuni Rossiya Vladimir Putinni toʻrtinchi bor prezident sifatida saylashga tayyorgarlik koʻrar ekan, BBC muxbiri Gabriyel Geythaus uning Kremldagi karerasi boshlangan vaqt voqealarini yana bir bor xotirlashga qaror qildi.

Rossiyaliklar, 18 yillik vaqt mobaynida koʻplab fojiali kunlar boʻlgan esada, oʻz prezidentlari koʻzida deyarli yosh koʻrmaganlar. Shunday kunlardan biri Putin hukmronligi endi boshlangan vaqtda - Anatoliy Sobchakning dafn marosimida sodir boʻlgan edi.

Sobchak Gorbachev va Yeltsin bilan yonma-yon turib, Sovet Ittifoqining parchalanish jarayoni tepasida boʻlganlardan biri edi. U, shuningdek, Vladimir Putin ismli oʻrta martabali KGB zobitini zimistondan olib chiqib, siyosiy hayotga qoʻshgan islohotchi ham boʻlgan.

Vladimir Putinga doir boshqa maqolalar:

Image copyright Reuters
Image caption Ustozning qizi

Putinni siyosatga olib kirishda Sobchakning maqsadi nima boʻlganligini hech kim aniq ayta olmaydi. Biroq bugungi Rossiyada sobiq Sovet xavfsizlik xizmatlari vakillari siyosiy qudratning har bir jabhasini shunchalik egallab olganki, mamlakatda demokratiya hukmron, deyish anchayin mushkul.

Yaqinlashib kelayotgan saylovda sakkiz nafar nomzod prezidentlik kursisi uchun kurashmoqda, lekin Putin hanuz "eng asosiy nomzod" sifatida eʼtirof etilib, uning gʻalabasiga deyarli hech kim shubha qilmayapti.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Putin Shtirlitsga oʻxshashni istaganmidi?

Raqib nomzodlardan biri saylovni "soxta" deb ataydi. "Bu goʻyo kazinoga oʻxshaydi - unda doimo kazino tomon yutib chiqadi. Ruscha demokratiyada esa gʻalaba doim Putin tomonida", deydi u.

Taqdir taqozosi bilan ushbu nomzodning ismi Kseniya Sobchakdir. U Putinning doʻsti va ustozi, marhum Anatoliy Sobchakning qizi.

36 yoshli Kseniya bir vaqtlar taniqli teleboshlovchi edi, keyinchalik muxolifatdagi jurnalist boʻlishga qaror qilgan. Yana bir mashhur muxolifat vakili Aleksey Navalniy tarafdorlari Kseniyani saylovda raqobat roʻyosini paydo qilish uchun Putin tomonidan "tayinlangan qoʻgʻirchoq" deb ataydilar. Navalniyning oʻzi saylovda nomzodini roʻyxatdan oʻtkaza olmagan. Faol bu holni "siyosiy motivlar" sababli Kreml tomonidan atayin yaratilgan toʻsiq, deb daʼvo qiladi.

Kseniya Sobchak amaldagi hukumat ijozatisiz oʻz nomzodini ilgari sura olmasligi turgan gap edi. Demokratiya Rossiyada aynan shunday ishlaydi.

Image copyright Getty Images
Image caption Lyudmila Narusova bilan

Biroq Kremlning kulrang kardinallari bu qarordan kun kelib afsus chekishlari mumkin. Kseniya telekoʻrsatuvlar orqali Putin atrofidagi korruptsiyaga botgan amaldorlarni fosh qilmoqda va Rossiya tomonidan Qrim yarimorolini annektsiya qilishni noqonuniy deb atamoqda. Agar u shu tarzda davom etsa, saylovda yutib chiqmagan taqdirda ham, Rossiyada sukut saqlanishi afzal koʻriladigan koʻplab mavzularni jonlantirib yuborishi mumkin.

Oʻzi nimalar sodir boʻlmoqda?

Endi Kseniyani birpas holi qoʻyib, uning otasi mavzusiga qaytsak. Anatoliy Sobchak Sankt-Peterburg meri, Putin uning oʻrinbosari edi. Sobchakni korruptsiyada ayblaganlarida Putin maxsus charter reysi orqali uning mamlakatdan chiqib ketishiga yordam beradi. Bu 1990-yillarda sodir boʻlgan edi.

Kimning yodida boʻlsa, oʻsha paytlar Rossiya inqirozga botgan, prezident Boris Yelьtsinni esa doimiy shirakayf holda koʻrish mumkin edi.

Kreml xojalari Yelьtsinning umuman aksi boʻlgan nomzod topishga qaror qiladilar va, natijada, Putin voris sifatida tayyorlana boshladi.

Putin prezidentlik saylovi uchun ilk bor tayyorgarlik koʻrayotgan vaqtda 62 yoshli Anatoliy Sobchak Kaliningrad mehmonxonalaridan birida toʻsatdan vafot etadi.

Yorib koʻrish xulosasiga koʻra, oʻlimga yurakning toʻxtab qolishi sabab boʻladi, lekin shifokorlar hech qanday yurak xuruji izini topa olmaydi. Shundan soʻng Sobchakning bevasi qandaydir oʻyin boʻlayotganini his qiladi va oʻzi boshchiligida boshqa yorib koʻrish amaliyotini oʻtkazadi.

Uning ismi Lyudmila Narusova. Men u bilan yaqinda uchrashdim va hali ham eri oʻldirilgan, degan shubhada ekanligini soʻradim. U javob qaytarishdan oldin ancha sukut saqladi: "Ha". 10 soniyadan soʻng "Bilmayman", dedi.

Baʼzilar Sobchakning oʻlimida Putinning qoʻli bor degan taxminni ilgari suradilar. Sobchak Putinning nozik sirlaridan xabardor edimi? Biroq Narusova Putin versiyasini inkor qiladi.

Men ortga qaytib, dafn marosimi yozilgan video tasvirni qayta koʻzdan kechiraman.

Image copyright Alamy
Image caption Putinnig ustozi

Unda Putinni esankiragan holda koʻrish mumkin. Uning koʻzlari qizargan, Lyudmila Narusovani bagʻriga bosar ekan, koʻz yoshini chiqarmaslikka urinayotganligi yaqqol koʻrinib turadi. Putin akter emas. U omma oldida hissiyotlarini oshkora koʻrsatadigan shaxs ham emas. U haqiqatan qalbida ogʻir dard bilan azob chekayotganligiga ishonish mumkin. Yoki bu umuman boshqa dardmi? Balki aybdorlik hissidir?

"Oʻsha paytda Putinni siyosiy qudratga olib chiqayotgan parda ortidagi odamlar bor edi", deydi Narusova.

U haq. Oʻsha vaqtda Kremldagi turli siyosiy guruhlar Putindan qudratni nazorat qiluvchi vosita sifatida foydalanayotgan edilar. Qaysidir maʼnoda Putin hali ham shunday vazifani bajarmoqda.

Agar Sobchak oʻldirilgan, deb hisoblasak, bu ishni oʻsha guruhlardan birortasi amalga oshirgan boʻlishi mumkinmi? Balki ustozi Putinni qoʻgʻirchoqqa aylantirishidan qoʻrqishgandir? Ehtimol. Agar shunday boʻlgan boʻlsa, sobiq KGB zobiti oʻzining eng yaqin kishilaridan birining joni "Putin loyihasi" yoʻlida qurbon boʻlganini anglaganmikan? Hali ham biror aniq fikrda emasman, lekin shunday fikrga kela boshlayapman.

Narusovadan oʻzi boshchilik qilgan yorib koʻrish xulosalari haqida soʻrayman.

Maʼlum boʻlishicha, Narusova xulosalarni hech qachon ommaga eʼlon qilmagan ekan. Ular Rossiyadagi maxfiy joyda, seyfda saqlanmoqda. Nega eʼlon qilmaganligi haqidagi savolimga javob berishni istamadi.

Azbaroyi qiziquvchanlik ustun kelganidan javob olish uchun unga bosim oʻtkazaman: "Demak siz shu yoʻl bilan oʻz hayotingizni sugʻurtalamoqchisiz. Kimningdir nozik sirlari sizning qoʻlingizda".

"Istasangiz, shunday oʻylayvering", javob qaytaradi u.

"Oʻzingiz va qizingiz xavfsizligidan xavotirdamisiz?" davom etaman.

U bir lahza jim qoladi.

"Bilasizmi, bunday mamlakatda yashashning oʻzi qoʻrqinchli. Ayniqsa, muxolif qarashdagi shaxslar doimo qoʻrquvda yashashga majburlar. Shunday ekan, ha, men xavotirdaman…"

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq