Karim Bahriyev: "MXX Andijonda xalqni otgan"

Facebook Image copyright Facebook
Image caption Karim Bahriyev 1990-yillarda Oʻzbekiston parlamentining deputati boʻlgan.

Taniqli jurnalist Karim Bahriyev Prezident Shavkat Mirziyoyev xavfsizlik tizimida boshlagan islohotlarni "umid uygʻotuvchi" deb atadi.

Bu haqda u Facebookdagi sahifasida yozdi.

BBC O'zbek YouTube kanalida tomosha qiling.

Karim Bahriyev DXXga aylantirilgan sobiq MXX va KGBni "qoʻli qonga botgan tashkilot" deb taʼriflaydi.

Andijon voqealarini xotirlatgan jurnalist sobiq IIV rahbari Zokir Almatov "xalqni otishga koʻnmagani", ammo MXX rahbari (Rustam Inoyatov-tahr) "oʻz askarlari bilan buni amalga oshirgani" haqida yozadi.

"Zokir Almatov "Militsiya xalqqa oʻq otsa, ertaga uchastkovoylar xalqning orasida qanday yuradi?!" deb xalqni otishga koʻnmadi, xavfsizlik xizmati rahbari oʻzining tizimidagi askarlari bilan buni amalga oshirdi".

Ayni paytda Karim Bahriyev hech qanday dalil keltirmagan.

U Andijonda aksari qurolsiz namoyishchilarni otishga kim buyruq bergani haqida ham hech narsa demaydi.

Marhum prezident Islom Karimov 2005 yil 14 may kuni Toshkentda oʻtgan matbuot anjumanida Andijondagi isyonchilarni otishga buyruq bermagani, "generallarning oʻzlari joyida hal qilishgani"ni aytgan.

Sobiq Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov Andijonda namoyishchilarning oʻqqa tutilishiga javob sifatida Yevropaga safar qilishi taqiqlangan oʻzbek hukumat mulozimlari roʻyxatining boshida boʻlgan.

Yevropa Ittifoqi sobiq MXX rahbari, general Rustam Inoyatovga nisbatan jazo chorasi qoʻllamagan.

2005 yil 13 mayida Andijonda aksariyati qurolsiz namoyishchilarning oʻqqa tutilishi natijasida rasman 187 kishi halok boʻlgan.

Karimov hukumati Andijonda islomiy gʻalayon boʻlgani va qurollilar davlat hokimiyatini bosib olishga uringanini aytgan.

Andijon voqealaridan koʻp oʻtmay, general Almatov isteʼfoga chiqarilgandi.

Rasman uning sogʻligi va nafaqaga chiqishi sabab qilib keltirilgan.

Oʻtgan oy Almatov IIV vaziriga maslahatchi etib tayinlangan.

Karim Bahriyev Andijon voqealaridan soʻng militsiyaning koʻplab vakolatlari MXXga berilgani, xavfsizlik xizmatlari bozor va iqtisodiyotning koʻplab sohalarini nazorat ostiga olgani haqida yozadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirga qadar Andijon voqealari haqida hech qanday bayonot bermagan.

Soʻz erkinligi

Karim Bahriyevning fikricha, yangi tuzilgan Davlat xavfsizlik xizmati - DXXning vakolatlarini chorchoʻpga soluvchi qonun tezroq qabul qilinishi kerak.

Uning yozishicha, DXXning yana MXXga aylanib qolmasligi uchun parlament nazorati yetarli emas.

"Eng avvalo, soʻz erkinligi va mustaqil sud tizimi mavjud boʻlishidir. Buning boshqa yoʻli yoʻq".

Jurnalistga koʻra, MXXdan tayinlangan "rejim boʻyicha zamlar"hali ham baʼzi idoralarda oʻtiribdi.

Karim Bahriyev yangi tashkilotning qonun doirasida ishlashi va inson huquqlariga rioya etishining muhimligini taʼkidlagan.

56 yoshli Karim Bahriyev 1990-yillarda Oʻzbekiston parlamentining deputati va "Oshkoralik" qoʻmitasi aʼzosi boʻlgan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq