Oilaviy qadriyatlar: Putinning qarindoshlari qanday bizneslarni egallagan?

Image copyright MIKHAIL METSEL\TASS

"Gazprom" o'z boshqaruv kengashiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin amakivachchasining o'g'li - Mixail Putinni kiritishi mumkin.

22-mart kuni Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskovning jurnalistlarga tasdiqlashicha, Mixail Putin haqiqatan prezidentning uzoq qarindoshi ekan.

"Menda ularning o'zaro gaplashib turishi haqida biror ma'lumot yo'q, ya'ni ular o'rtasida o'zaro aloqa mavjud emas," deydi Peskov.

2016-yil ma'lumotlariga ko'ra, "Gazprom" boshqaruv kengashi a'zolarining oylik maoshi 10 million rubldan ko'proqni tashkil qiladi.

Vladimir Putinning oilasi ommaga ko'rinishni xush ko'rmaydi va janjallardan uzoq yuradi. Katerina Tixonova kabi ko'plab shaxslar bilan Putinning qarindoshligi haligacha rasman tasdiqlanmagan.

Quyida Putinning ba'zi uzoq qarindoshlari va ular nima bilan bandligi haqida ma'lumotlar keltirilgan:

Mixail Putin

Qarindoshligi: Putin amakivachchasining o'g'li.

Yoshi: 51.

Tug'ilgan joyi: Ivanovo.

Mutaxassisligi: Tibbiyot.

Tibbiyot fanlari nomzodi darajasini olgandan keyin Rossiya Sog'liqni saqlash vazirligi tarkibidagi "Medtexsnab" rahbariyatida ishlaydi. Keyinroq Sog'liqni saqlash vazirligiga ishga o'tadi. Bir yildan so'ng vazirlikning iqtisodiy departamentini boshqara boshlaydi.

2004-yilga kelib "Gazprom"ning tibbiyot bo'limi rahbariga aylanadi. 2007-yilda "Sogaz" sug'urta kompaniyasi rahbari o'rinbosari sifatida ishlay boshlaydi. O'tgan yil hisob-kitoblariga ko'ra, "Sogaz" yig'ilgan mukofotlar hajmi bo'yicha (158 milliard rubl) mamlakatdagi eng yirik sug'urta kompaniyasi sifatida qayd etildi.

Mixail Shelomov

Qarindoshligi: Putin xolavachchasining o'g'li.

Yoshi: 50.

Tug'ilgan joyi: Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg).

Shelomov uzoq yillar "Sovkomflot" kemachilik kompaniyasi Peterburg filialining yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat yuritgan. Ayni vaqtda kompaniyaning katta miqdordagi aktivlariga egalik ham qilgan.

2000-yilda "Sogaz"ning 12 foiz aksiyasini $15 millionga sotib olgan. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o'rganish Markazining Gazprombank bahosiga asoslanib, qayd qilishicha, bu aksiyalarning qiymati 2009-yilga kelib $200 milliongacha yetgan.

Bundan tashqari "Rossiya" bankining 8,4 foizi va aktivlarining umumiy qiymati $30 milliondan oshadigan "Sogaz-Nedvijimost" ("Sogaz" firqasi) kompaniyasi ham Shelomovga tegishli ekanligi ma'lum.

"Rossiya" bankining asosiy aksioneri esa Putinning yaqin do'sti hisoblanmish Yuriy Kovalchuk sanaladi. "Banki.ru" portali ma'lumotlariga ko'ra, "Rossiya" 868 milliard rubl aktiv bilan mamlakatdagi 14-eng yirik bank hisoblanadi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari Shelomovga qarashli kompaniyalar 2016-yilda 2 milliard rubldan ko'proq mablag' ishlab topgani haqida xabar qilmoqda. Bu kuniga o'rtacha 5,5 million rubl degani.

Igor Putin

Qarindoshligi: Amakivachcha.

Yoshi: 64.

Tug'ilgan joyi: Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg).

Mutaxassisligi: harbiy soha, davlat xizmati.

Igor 1990-yillar oxirida harbiy xizmatdan bo'shab, Ryazan viloyatidagi qator davlat sohalarida faoliyat yuritgan. 2000-yillar o'rtasidan boshlab turli kompaniyalar va banklarning boshqaruv bo'limlari a'zosiga aylangan. Bular ichida "Master-Bank" va "Russkiy zemelniy bank" ham bor.

2007-yilda The New York Times nashri "Master-bank"ni noqonuniy pullarni yuvuvchi tashkilot sifatida qayd etadi. Olti yil oldin esa bankning litsenziyasi olib qo'yildi. Bunga sabab qilib bankning noqonuniy pullarni yuvish bo'yicha qonunlarni buzganligi va yolg'on hisobotlar topshirib kelganligi ko'rsatildi.

O'z navbatida Igor Putin boshqaruv kengashi a'zosi bo'lgan kezlarda "Russkiy zemelniy bank" ulkan ko'lamdagi pul yuvish va Rossiyadan katta miqdordagi pul olib chiqish sxemalariga aralashgan, deb ta'kidlanadi "Novaya Gazeta" va Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o'rganish Markazi tekshiruvlari xulosasida. Ayni sxemaga aralashgan bu va boshqa banklar orqali 2010-yildan 2014-yilga qadar Rossiyadan kamida $20 milliard olib chiqib ketiladi. "Russkiy zemelniy bank" 2014-yilda litsenziyadan mahrum qilinadi.

Roman Putin

Qarindoshligi: Putin amakivachchasining o'g'li (Igor Putinning o'g'li).

Yoshi: 40.

Tug'ilgan joyi: Ryazan.

Mutaxassisligi: Harbiy soha.

Sankt-Peterburg Harbiy logistika va transport akademiyasini tamomlagandan so'ng Roman uch yil Federal Xavfsizlik Xizmatida ishlaydi. Ryazan viloyati ma'muriyatida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritadi. 2007-2008-yillarda esa MTS mobil operatorining Ryazan bo'limini boshqaradi.

2011-yilda MRT kompaniyalar shirkatining direktorlar kengashini boshqara boshlaydi.

2014-yili Roman Putin "Putin Consulting" nomli o'z kompaniyasiga asos soldi. "Vedomosti" nashrining yozishicha, bu kompaniya yuqori sinf biznes bozorida konsalting xizmatlarini ko'rsatish bilan shug'ullanadi.