Human Rights Watch: Oʻzbekistonda jurnalistlar hamon siyosiy taʼqib qilinmoqda

"Bu holat prezident Mirziyoyev amalga oshirayotgan islohotlarning ijobiy natijasini savol ostiga qoʻyadi", deyiladi hisobotda. Image copyright President.uz
Image caption "Bu holat prezident Mirziyoyev amalga oshirayotgan islohotlarning ijobiy natijasini savol ostiga qoʻyadi", deyiladi hisobotda.

Bugun Human Rights Watch tashkiloti Oʻzbekistondagi matbuot erkinligiga bagʻishlangan 37 betdan iborat hisobotini eʼlon qildi. "Siz ularni koʻrmaysiz, lekin ular doim shu yerda: Oʻzbekistonda tsenzura va matbuot erkinligi" deb nomlangan ushbu hisobotda Shavkat Mirziyoyev 2016 yil sentyabr oyida hokimiyatga kelgandan buyon mamlakatda kuzatilgan jurnalistlar va matbuot faoliyati hamda soʻz erkinligi bilan bogʻliq vaziyatlar borasidagi xulosalar jam boʻlgan.

(Tahririyatdan: Bugun jurnalist Bobomurod Abdullayev ustidan mahkama jarayoni davom etgan. Toshkent vaqti bilan kech soat 9 da Facebook Jonli dasturini tomosha qiling)

HRW hisobotida Oʻzbekistonda soʻnggi ikki yilga yaqin vaqt ichida soʻz erkinligi bilan bogʻliq holat ijobiy tomonga oʻzgargan boʻlsada, alohida jurnalistlar, yozuvchilar va oddiy fuqarolar tanqidiy qarashlari tufayli hukumat tomonidan hamon siyosiy taʼqibga uchrayotgani qayd etiladi. "Bu holat prezident Mirziyoyev amalga oshirayotgan islohotlarning ijobiy natijasini savol ostiga qoʻyadi", deyiladi hisobotda.

Xorijiy va, soʻnggi vaqtlarda, mahalliy matbuot tomonidan keng yoritilayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev hamda uning ishiga aloqador boshqa shaxslar bilan bogʻliq voqealarga hisobotda alohida oʻrin ajratilgan.

"Hukumat fuqarolar soʻz erkinligini tan olib, tanqidiy fikr jamiyat va hukumat tomonidan himoya qilingandagina Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiyligi hamda uzoqqa choʻziluvchi ijobiy natijalar berishi taʼminlanadi. Buni amalga oshirish uchun mamlakatda tsenzuraga chek qoʻyish va eskidan qolgan jurnalistlarni taʼqib qilish anʼanasiga barham berish hamda mustaqil matbuot rivojini qoʻllab-quvvatlash lozim", deydi Human Rights Watch'ning Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

Image copyright Screenshot HRW
Image caption Human Rights Watch: Oʻzbekistonda jurnalistlar hamon siyosiy taʼqib qilinmoqda

Hisobotda oʻtgan yilning noyabr oyida Human Rights Watch 20 dan oshiq oʻzbekistonlik yoki Oʻzbekistonga aloqador faoliyat bilan shugʻullanuvchi jurnalistlar, matbuot xodimlari bilan suhbatlashgani haqida eslatib oʻtiladi. Mazkur suhbatda jurnalistlar va jurnalistik faoliyatga aloqador shaxslar Oʻzbekistondagi hozirgi matbuot marhum prezident Islom Karimov davridagidan koʻra nisbatan erkinlashgani, mahalliy OAV oldin tilga olish mumkin boʻlmagan mavzularni yorita boshlagani, shunday boʻlsada, ular taʼqiblar va jazolar yana qaytadan boshlanishidan doim xavotirda ekanliklari haqida fikr bildirganliklari taʼkidlanadi.

Hisobotda prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan soʻng 27 nafar siyosiy mahbusning ozod etilishi, joriy yilning fevralida dunyodagi eng uzoq vaqt qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanmish Yusuf Roʻzimurodovning 19 yillik mahkumlikdan xalos boʻlishi, 23 yil davomida oʻz kuchishlatar tizimi bilan soʻz erkinligining boʻgʻilishiga hissa qoʻshib kelgan Rustam Inoyatovning sobiq MXX raisligidan ketkazilishi hamda siyosiy mahbuslarni qatagʻon qilishda gumonlanayotgan yuqori martabali sobiq MXX zobitlarining hibsga olinishi Oʻzbek hukumatining "Karimov merosidan voz kechib, mamlakatdagi inson huquqlari bilan bogʻliq muhitni yaxshilash tomon tashlagan ijobiy qadamlari" sifatida eʼtirof etiladi.

"Biroq jurnalistlarning xavfsizlik xizmatlari tomonidan yalpi ravishda tiyib turishga harakat qilish anʼanasining davom etayotganligi hamon mahalliy matbuotning oʻz-oʻzini tsenzura qilishiga sabab boʻlmoqda", taʼkidlanadi hisobotda. Hisobot tayyorlanishi davomida faollar bilan suhbatda boʻlgan baʼzi jurnalistlar hukumatning soʻz erkinligiga boʻlgan toqati qay darajada ekanligi nomaʼlum qolayotgani sababli ular hamon tanqidiy mavzular haqida ochiq gapirishdan choʻchib turganliklarini maʼlum qilganlar. Shuningdek, fikrlari hisobotga kiritilgan oʻzbekistonlik jurnalistlar har bir mahalliy matbuot xizmatiga kamida bittadan xavfsizlik zobiti "kuzatuvchi" sifatida biriktirib qoʻyilgani haqida aytganlar. "Siz ularni koʻrmaysiz yoki eshitmaysiz, lekin ular doim shu yerda ekanligini his qilasiz", degan ulardan biri.

Facebook tarmogʻida Bosh vazir Abdulla Aripovni tanqid qilgan namanganlik bloger Abbos Assadning "yuqori martabali amaldorni haqorat qilish" aybi bilan sud qilinishi, oʻtgan yil iyul oyida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabasining urib oʻldirilishi ortidan odamlarni tinch namoyishga chaqirgan ikki faolning hibsga olinishi ham hisobotda tilga olinadi.

Hisobotda taʼkidlanishicha, Oʻzbek hukumati soʻz erkinligiga qoʻyilgan barcha cheklovlarni olib tashlashi, jurnalistlar va huquq faollarining taʼqib etilishiga chek qoʻyishi, siyosiy vajlar bilan jurnalistlarga nisbatan jinoiy ishlar ochishni toʻxtatishi lozim. Bir vaqtlar mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻlgan xorijiy OAVlarning ortga qaytishi va ularning jurnalistlarining hech qanday toʻsiqlarsiz akkreditatsiyadan oʻtishiga zamin yaratish Oʻzbekiston hukumati tomonidan qilinishi zarur boʻlgan eng muhim qadamlar sifatida alohida taʼkidlanadi.

"Mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning xavfsizlik xizmatlari tomonidan tinimsiz bosim ostiga olinishi Oʻzbekistonda soʻz erkinligi bilan bogʻliq oʻziga xos vaziyatni yuzaga keltirdi. Prezident Mirziyoyev, endilikda, hukumatning nafaqat tanqidiy fikrni hazm qilishiga yoʻl ochishi, balki amaldorlarning bunday fikrlaydiganlarni hurmat qilishini ham taʼminlamogʻi zarur", deydi janob Sverdlov.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq