"Oʻzimizga oʻxshamaydigan" doʻstlarimiz boʻlishi foydalimi?

"Oʻzimizga oʻxshamaydigan" doʻstlarimiz boʻlishi foydalimi? Image copyright Getty Images

Doʻstlarning koʻp boʻlgani yaxshi: yiqilganimizda yordam qoʻlini choʻzadilar, dardlarimizni ularga ayta olamiz. Biroq faqat "oʻzimizga oʻxshaydigan" odamlar bilan doʻstlashishimiz toʻgʻrimikan?

Aksariyat odamlar uchun ijtimoiy aloqa - bu ular hayotining eng muhim qismidir.

Doʻstlar kishining jamiyatda oʻrin topishi, hayot mazmunini anglashiga koʻmak beradi. Tadqiqotlar ham mustahkam doʻstlik rishtalari shaxsdagi bezovtalik hissining kamayishiga sabab boʻlishini koʻrsatmoqda.

Doʻst orttirishda baʼzi yozilmagan qonunlar mavjud: koʻpchilik insonlar, beixtiyor ravishda, oʻzlariga oʻxshash shaxslar bilan doʻstlik munosabatlarini oʻrnatishga intiladi.

Agarda odamlar faqat qarashlari oʻxshash emas, balki turli xil shaxslar bilan doʻstlasha boshlasa, u holda bundan faqat manfaat olishlari mumkin. Masalan, turli dunyoqarashli doʻstlarga ega shaxsda fikrlash doirasi kengayib boradi.

Hozirda tadqiqotchilar ijtimoiy aloqa va doʻstlar bilan oʻrnatilgan munosabatlar shaxslarning fikrlashiga qanchalik taʼsir qilishini oʻrganmoqdalar.

Bizning qarashlarimiz dunyoni qanday koʻz bilan koʻrishimizni belgilab beradi va tashqi taʼsir ostida oʻzgarishga chidamli boʻladi.

Koʻp hollarda biz oʻzimiz anglamagan holda qarashlarimizga mos keluvchi maʼlumotlarni izlab topamiz, ularni tahlil qilamiz. Mos kelmaydigan maʼlumotlarni esa eʼtiborsiz qoldiramiz.

Oʻz navbatida aksariyat odamlarning ijtimoiy munosabatlari ham dunyoqarashlariga muvofiq boʻladi. Odamlar imkon qadar oʻxshash fikrli doʻstlar orttirishga intiladilar.

Kuzatishlardan koʻrinishicha, doʻstlar davrasi xilma-xil fikrli shaxslar bilan toʻlib borgan sari kishining turli qarashlarni hazm qilishi yanada yaxshilanib boradi, biror masala yuzasidan bir fikrda qotib turish holatlari ancha kamayadi.

Breksit masalasida ham ayni hol kuzatildi. Atrofi asosan oʻxshash dunyoqarashli doʻstlar bilan toʻlgani sababli aksariyat odamlar oʻzgacha fikrlay olmadilar.

Image copyright Getty Images

Shu sababli Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishni yoqlab ovoz berganlarning aksariyati referendum natijalaridan hayratga tushdilar.

Qaytanga Ittifoq tarkibidan chiqishga ovoz berganlar uchun esa natijaning hayron qolarli joyi boʻlmadi - ularning atrofidagi aksariyat shaxslar ayni qarashda edi.

Jamiyat qarashlari qutblashgan guruhlarga ajralib qolgani uchun ham tez-tez ijtimoiy ziddiyatlar yuzaga chiqib qoladi.

"Koʻr koʻrni qorongʻida topadi" xarakterini jamiyatshunoslar homofiliya nomi bilan ataydilar. Homofiliya xulq-atvori odamlarni "biz" va "begonalar"ga ajratish odatini kuchaytiradi.

Guruhlarga ajralib olish turli yoʻllar bilan kechishi mumkin. Masalan, maktab oshxonasidagi bolalar koʻp hollarda guruhlarga boʻlinib oladilar. Bu boʻlinish millatdan tortib soch turmagi va koʻzoynak taqish kabi oʻziga xos oʻxshashliklar asosida kechishi mumkin.

Shaxs voyaga yetgan sari u oʻzi uchun mos doʻstlar davrasiga ega boʻlib boraveradi. Boʻlinish sabablari endi biroz jiddiylashadi: yosh, ijtimoiy tabaqa, siyosiy qarashlar, din, irq va hokazo.

Keyinroq shaxsda qoʻshimcha ruhiy stereotiplar paydo boʻlishi mumkin.

Masalan, biz oʻz doʻstlar doiramizni boshqa guruhlardan koʻra qiziqarliroq, ziyoliroq koʻra boshlashimiz mumkin.

Eng yomoni odamlar ochiq ravishda boshqa guruhlarni yomon koʻra boshlashi mumkin.

Boshqa guruhdagi shaxslar odatlari, qarashlari va hissiyotlariga johillik bilan qarash bizning dunyoqarashimiz shakllanishiga taʼsir oʻtkazib boradi. Oqibatda bir-biriga dushmanona kayfiyatda qaraydigan guruhlar shakllana boshlaydi.

Shunday boʻlsada, oʻzgacha qarashdagi odamlar yoki guruhlar bilan aloqaga kirishish shaxs uchun foydali boʻlishi mumkin.

Bunday munosabatlar yuzaga kelganda shaxsning bir xil qolipga tushib qolgan fikrlash doirasi kengayib boradi, bezovtalik kayfiyati tusha boshlaydi. Oʻzgacha fikrli odamlar bilan doʻstlik rishtasini bogʻlash ular toʻgʻrisidagi salbiy qarashlarni yemirib boradi.

Oʻz navbatida guruhlararo munosabatlar ijobiy tus ola boshlaydi.

Qiziqarli jihati shundaki, "begona" guruhlarning, masalan gey jamiyatlarning, hech boʻlmaganda bir aʼzosi bilan doʻstlik oʻrnatish oʻsha qatlamga boʻlgan munosabatlarimizni keskin oʻzgartirib yuborishi mumkin.

Qisqacha aytganda, turli qatlamlar bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyish qotib qolgan qarashlar, qutblashish va ajratish kayfiyatini yoʻqota boradi. Natijada guruhlararo salbiy qarashlar darajasi sezilarli pasayadi.

Bunday holatlar dunyo boʻylab oʻtkazilgan turli tadqiqotlar davomida ham tasdiqlanib kelmoqda.

Bu yoʻnalishdagi ilk tadqiqotlarning aksariyati AQShda oʻtkazilgan. Buning oʻziga xos sababi bor, albatta. Oq tanli va afro-amerikalik shaxslar oʻrtasidagi salbiy munosabatlar bu mamlakatda hanuz jiddiy muammo sanab kelinadi.

Oksford universitetidagi tadqiqotchilar guruhi esa Shimoliy Irlandiyadagi katolik va protestantlar; Malayziyadagi malay, xitoy va hindlar; Kiprdagi yunon-kipr va turk-kipr ahli oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganib chiqqanlar.

Ushbu tadqiqot guruhining aniqlashicha, oldindan ajralib qolgan turli maktab oʻquvchilari oʻrtasida munosabatlar oʻrnatilishi ortidan ijobiy natijalarga erishilgan. Oʻquvchilar oʻrtasidagi bir-biriga nisbatan yomon kayfiyat yoʻqolganligi kuzatilgan.

Hozirgi kunda turli qatlamlar bir-biri bilan qoʻshilmasdan yashashda davom etmoqda.

Ular oʻrtasida bilvosita munosabat oʻrnatish qarashlarning oʻzgarishiga sabab boʻlishi mumkin.

Misol uchun umumiy doʻstlar orqali boshqa guruhlar bilan aloqaga kirishish ham bevosita aloqa kabi ijobiy natijalar berishi aniqlangan.

Bundan tashqari oʻzgacha qarashli guruhlar hayoti aks ettirilgan filmlar koʻrish ham ularga nisbatan munosabatlarni oʻzgartira olishi maʼlum boʻlmoqda.

Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, gey odamlar haqida qancha koʻp filmlar koʻrgan shaxslarda bu qatlamga nisbatan qarashlar oʻzgarib boradi.

Biroq oʻzgacha fikrli shaxslar bilan doʻstlik munosabatlarini oʻrnatish qotib qolgan qarashlar va xurofotni yoʻq qiluvchi asosiy omil emas.

Masalan, turli guruhlar birlashganda shaxsda qotib qolgan qarashlarni tasdiqlovchi alomatlar koʻrinib qolgudek boʻlsa, u holda yovqarash kayfiyat yanada kuchayib ketadi.

Shimoliy Amerikadan tortib Yevropa, Osiyo va Avstro-Osiyoga qadar qamrab olgan 60 yillik tadqiqot natijasiga koʻra, guruhlar oʻrtasida aloqalarning oʻrnatilishi munosabatlarni yaxshilashdagi eng samarali omil ekan.

Bunday munosabatlarning yuzaga kelishi tobora boʻlinib borayotgan dunyoda tinch va maroqli hayot kechirishni taʼminlaydi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq