Roʻzaning tanamizga taʼsirini bilasizmi?

Image of a 3D scan of human anatomy Image copyright Getty Images
Image caption Musulmonlar Ramazonda saxardan shomgacha roʻza tutishadi. Buning inson organizmiga taʼsiri qanday?

Soʻnggi yillarda Ramazon shimoliy yarimshar mintaqasida yoz oylariga toʻgʻri kelmoqda (bu yil Ramazon Britaniyada 16 maydan boshlanishi kutilmoqda). Bu oylar davomida kunduzi uzoqroq, ob-havo esa issiqroq boʻladi.

Bu esa baʼzi mamlakatlar, masalan, Norvegiyada odamlar kelayotgan Ramazonda kuniga 20 soatga qadar roʻza tutadilar, deganidir.

Roʻza tutish sogʻliq uchun foydalimi? Quyida 30 kun roʻza tutganingizda tanangizda qanday oʻzgarishlar yuz berishi haqida bilib olishingiz mumkin.Har yili Yer yuzidagi millionlab musulmonlar Ramazonning bir qismi sifatida 30 kun davomida kun chiqqandan to quyosh botgunga qadar roʻza tutadilar.

Image copyright Getty Images
Image caption Roʻza paytida organizmingiz quvvat uchun birinchi jigarda yigʻilgan shakarni ishlatadi

Eng qiyin qism - ilk ikki kun

Tibbiyot nuqtayi-nazaridan soʻnggi ovqatdan sakkiz soat yoki shunga yaqinroq vaqt oʻtmagunga qadar tanangiz "roʻzadorlik holati"ga kirmaydi. Bu vaqt atrofida ichaklar ovqatdagi oziq moddalarni soʻrib olish jarayonini yakunlayotgan boʻladi.

Oziq moddalar ichaklar orqali soʻrib olingandan soʻng tanamiz jigar va mushaklarda toʻplangan glyukozadan quvvat olishga harakat qiladi.

Roʻzaning soʻnggi qismlarida, glyukoza tugagandan soʻng, tanada yigʻilgan yogʻ quvvatning navbatdagi manbayi boʻlib xizmat qiladi.

Image copyright Getty Images
Image caption Ramazonning ilk kunlari qiyinroq kechadi, ammo organizm ochlikka tezda koʻnikadi

Tana yogʻ bilan oziqlana boshlaganda vazn va xolesterin miqdori kamayadi, qandli diabetga chalinish ehtimoli pasayadi

Ammo qonda shakar miqdorining tushib ketishi holsizlik va lanjlikka sabab boʻladi.

Roʻza tutayotgan paytingiz bosh ogʻrigʻi va aylanishi, koʻngil aynishini his qilishingiz, nafasingiz siqishi mumkin.

Bu vaqtda tanangizdagi ochlik hissi oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqadi.

Suvsizlanishdan ehtiyot boʻling - 3-7-kun

Tanagiz roʻza tutishga moslasha borgan sari yogʻlar choʻkib, qondagi shakarga aylanadi. Roʻza tutish davomida yoʻqotilgan suyuqlik miqdori iftorlik va ogʻiz yopish orasida qayta toʻldirilishi lozim. Aks holda terlash hisobiga tana suvsizlanib qoladi.

Isteʼmol qilinayotgan taomlarda uglevod va yogʻlar kabi quvvat beruvchi moddalar yetarli darajada boʻlishi zarur. Shuningdek, oziq moddalar, jumladan, oqsillar, tuzlar va suvning isteʼmol qilinayotgan taomdagi miqdori oʻzaro muvozanatda boʻlishi ham muhim.

Image copyright Getty Images
Image caption Roʻza payti suv ichish muhim, ayniqsa, yoz oylarida

Roʻza tutishga oʻrgana boshlaysiz - 8-15-kun

Uchinchi bosqichga kelib, tanangiz roʻza tutishga toʻla oʻrganib qolgandan soʻng kayfiyatingizda ham yaxshi oʻzgarishlar paydo boʻla boshlaydi. Kembrijdagi Addenbruk kasalxonasining anesteziya va intensiv davolash boʻlimi konsultanti boʻlib ishlovchi doktor Razin Maʼrufga koʻra, roʻza tutishning boshqa afzalliklari ham mavjud.

"Odatiy turmush tarzida biz yuqori kaloriyali ovqatlar tanovvul qilamiz va bu hol tanamizning baʼzi vazifalarni, masalan, oʻzini-oʻzi qayta tiklash amaliyotini ado etishida halal beradi".

Image copyright Getty Images
Image caption Koʻp kaloriya isteʼmol qilish organizmning infektsiyaga qarshi kurashishini qiyinlashtiradi

"Roʻza tutish davomida anchayin yengillashgan tana boshqa funktsiyalarga oʻz eʼtiborini qaratish imkoniga ega boʻladi. Shunday qilib, roʻza tutish tananing oʻzini-oʻzi davolash xususiyatlari, shuningdek, infektsiyalarga qarshi kurashish qobiliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi".

Ichni tozalash - 16-30-kun

Ramazonning soʻnggi qismida tanangiz roʻza tutishga butunlay koʻnikib boʻladi. Bu vaqtga kelib yoʻgʻon ichak, jigar, buyrak va terilarda tozalanish jarayoni boshlanib ketadi.

"Roʻza tutish orqali oʻz-oʻzini tozalab olgan organlar oʻzining faoliyatini toʻliq tiklab oladi. Xotirangiz va diqqatni jamlash qobiliyatingiz yaxshilanib, oʻzingizni bardam seza boshlaysiz", - deydi doktor Maʼruf.

Image copyright Dr Razeen Mahroof
Image caption Doktor Maʼrufga koʻra, davomli ochlik ozishning yaxshi yoʻli emas

"Tanangiz quvvat olishda oqsillarga qaram boʻlib qolmasligi kerak. Bu manzara tana oʻziga xos "ochlik holati"ga kirganda va mushaklardan quvvatlana boshlaganda yuzaga keladi hamda bir necha kundan bir necha haftaga qadar davom etadi".

"Ramazon roʻzasi faqat kun chiqqandan botganga qadar davom etgani sababli bizda tanamizni quvvatga boy ozuqalar va ichimliklar bilan toʻldirib olishga yetarlicha imkon boʻladi. Bu mushaklarni qurib ketishdan saqlaydi. Bundan tashqari vazn tashlashga ham yordam beradi".

Shunday qilib, roʻza tutish sogʻliq uchun foydalimi?

Doktor Maʼruf ha, deydi. Ammo baʼzi narsalarni eʼtiborga olib qoʻymoq zarur.

"Biz tanovvul qilayotgan taomlarimizga eʼtiborni oshirganimiz sababli roʻza tutish sogʻliq uchun foydali. Biroq bir oylik roʻza foydali boʻlsada, uni davomiy tutish tavsiya etilmaydi".

"Davomiy roʻza tutganda tanangiz yogʻni yeb boʻlib, quvvat olish uchun mushaklarga eʼtibor qarata boshlaydi. Bu esa yaxshi emas".

Image copyright Getty Images

Doktor Maʼruf Ramazondan tashqari paytlarda qisqa roʻza yoki 5:2 formatdagi parhez (haftada ikki kun roʻza tutish, qolgan kunlari oson hazm boʻladigan taomlar yeyish) tutish oylarga choʻziladigan roʻzaga yaxshi muqobil boʻladi, deydi.

"Ramazon roʻzasida har kuni quvvatga boy ozuqa isteʼmol qilishga eʼtibor berish zarur. Shundagina tanangiz hayot uchun muhim boʻlgan mushak toʻqimalarini yeb yubormaydi".

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq