Liejdagi qotilliklar: qotil uyida ham jasad topildi

Image copyright Reuters
Image caption Liejliklar bayram arafasida yuz bergan hujumdan larzaga kelishgan

Belgiya politsiyasi Liej shahri markazida o‘t ochib, to‘rt kishi va o‘zini o‘ldirgan qurolli kishi uyida ayol jasadini topgan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, jasad Nuriddin Amroniyning bog‘idagi omborxonada topilgan.

Amroniy seshanba kuni Lьejning odamlarga gavjum bozorida qurollar va granatalar bilan hujum qilib, Iso Masih tavalludi bayrami oldidan savdo qilishga chiqqan odamlar orasida vahima uyg‘otgan.

Oddiy odamlar orasida 125 kishi jarohat olgan. Ba‘zilarining ahvoli og‘ir.

Seshanba kuni soat 12da Amroniy avtobus bekatida turgan odamlarga qarata uchta granata otgan, yuzlab odamlar vahimaga tushib qochganlar.

"U imkonqadar ko‘p odamni o‘ldirmoqchi edi. Men 10 soniya ichida to‘rtta portlash va o‘q ovozlarini eshitdim", dedi jurnalist Nikolas Jilen.

O‘n besh yoshli bola hujum sahnasida jon bergan, 17 yoshli bola va 75 yoshli ayol esa kasalxonada vafot etganlar.

Bir rasmiy bayram bozori shu kuni hiyobonida ochilishi kutilganini, biroq yomon ob-havo sharoitlari tufayli boshqa kunga kechiktirilganini bildirdi.

Amroniy hujum joyida o‘lgan, biroq rasmiylar uni politsiya otib o‘ldirmaganini aytishdi.

Ba‘zi guvohlar u o‘z boshiga o‘q uzib o‘lganini bildirishdi.

Belgiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, Amroniyning uyida topilgan jasad uning qo‘shnisiga ishlagan 45 yoshli ayolga tegishlidir.

"Jasad Amroniy nasha o‘stirish uchun ishlatgan omborxonadan topildi", deb aytdi Lьejning bosh prokurori Sedrik Visart de Bokarm.

Rasmiylar Amroniyni qotilliklarga nima majburlaganini aniqlashga urinmoqdalar.

Ular hujum asosida siyosiy terrorchilik yoki ruhiy kasallik yotganiga ishonishmaydi.

Politsiya u o‘tmishda giyohvand moddalar savdosi va qurol ishlatishga bog‘liq jinoyatlari bilan tanish bo‘lgani, va oxirgi hujumda yakka amal qilganini bildirdi.

To‘rtinchi qurbon 17 yoshli qiz bo‘ldi - u bir necha soat davom etgan jarrohlik amaliyotiga qaramay, vafot etdi.

Belgiya Ichki Ishlar Vaziri Joel Milke to‘rt kishining ahvoli og‘ir qolayotganini bildirdi.

Liejda bo‘lgan Bi-bi-si muxbiri Matyu Prays hujumlar bo‘lib o‘tgan Plas San-Lamber hiyoboni jamoatchilik uchun qayta ochilgani, biroq qon izlari, singan oyna bo‘laklari va o‘q qoldiqlari hali to‘la tozalanmaganini aytadi.