BBC navigation

Human Rights Watch yangi hisoboti: "Guvohlik beradiganlar qolmagan"

Сўнгги янгиланиш 14 декабр 2011 - 18:32 GMT

BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar "muntazam" qo‘llanishi va bu hollar "keng yoyilgan" degan xulosaga kelgandi

Hyuman Rayts Uotch chiqargan yangi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarda qiynoq hollarini to‘xtatishga oid va‘dalarining ustidan chiqmagan.

Ta‘kidlanishicha, elektr toki bilan qiynash, nafasni bo‘g‘ish kabi qiynoq usullarini to‘xtatish borasida aytilgan so‘zlar amalga tadbiq qilinmagan.

"O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik ilinjida bo‘lgan G‘arb hukumatlari esa, bu holatlarga ko‘z yummoqdalar", deyiladi tashkilot hisobotida.

107 sahifadan iborat hisobot "Guvohlik beradiganlar qolmagan", deya nomlangan va oxirgi 2 yil mobaynida 100dan ortiq o‘zbekistonlik bilan o‘tkazilgan suhbat asosida tayyorlangan.

Tashkilot G‘arb davlatlarini O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash uchun rasmiy Toshkentga ko‘proq dosim o‘tkazishga undaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumatiga qator tavsiyalar bergan.

O‘zbekiston bugun qaysi jihati bilan tanilgan?

"Asrlar davomida O‘zbekiston Xitoy va G‘arbiy Ovro‘poni bir-biriga bog‘lovchi Ipak yo‘lidagi tijorat va boy madaniyatga ega mamlakat sifatida mashhur bo‘lgan. Yaqin-yaqindan beri esa, Markaziy Osiyoning ushbu davlati anchayin qorong‘uroq muammo: qiynoqlar bilan tanila boshladi", deyiladi Hyuman Rayts Uotch hisobotida.

Tashkilot shu o‘rinda 2002 yilda qiynoqlar tufayli olamdan o‘tgani da‘vo qilingan Muzaffar Avazovni eslatadi. Diniy ayblovlar bilan qamalgan Muzaffar Avazov qaynagan suv bilan qiynash natijasida nobud bo‘lgani aytilgandi.

"Uning jasadini ko‘rganlar boshi orqasida katta, qontalash jarohat bo‘lgani, peshonasi va bo‘ynining bir tomoni ko‘karganini ko‘rishgani hamda barmoqlarida tirnoqlari bo‘lmaganini aytishgan", deydi Hyuman Rayts Uotch.

2003 yil BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar "muntazam" qo‘llanishi va bu hollar "keng yoyilgan" degan xulosaga kelgandi.

Hisobotda O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq abgor vaziyat bilan mahkamalardan oldin tergov hibsxonalarda keng tarqalgan qiynoq hollarini teng bir shaklda xalqaro kun tartibga qo‘yiladi. Shu bilan birga, Hyuman Rayts Uotch Qo‘shma Shtatlar, Ovro‘po Ittifoqi va Ovro‘po qayta qurish va taraqqiyot banki kabi boshqa qator muassasalarni o‘zbek hukumatiga qat‘iy talablar qo‘yishga undagan.

Tashkilotning urg‘ulashicha, O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat 2005 yil 13 may Andijon hodisalari ortidan yomonlashgan.

O‘zbek hukumatining ushbu voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruvlarga izn bermagani va fuqarolik jamiyatlariga qarshi tazyiqlari G‘arb davlatlari tomonidan qoralangan va OIning jazo choralariga yetaklagandi.

"O‘zbekiston hukumati inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga oid xalqaro bosimlar ortidan vaziyatni o‘nglash yo‘lida qandaydir qadam qo‘yilayotgan qilib ko‘rsatsa-da, o‘zgarishlar haminqadar", deydi Hyuman Rayts Uotch.

Hyuman Rayts Uotchga ko‘ra, BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi O‘zbekistonda qiynoqlar "muntazam" va "keng tarqalgan"i haqida aytganidan qariyb o‘n yil o‘tib ham, Andijondagi qirg‘indan 6 yildan ko‘proq vaqtdan so‘ng ham mamlakatning inson huquqlari bo‘yicha rekordi va hukumatning mustaqil fuqaroviy jamiyat faollariga nisbatan mavqei yomonlashishda davom etmoqda.

Tashkilot vaziyatning abgorlashuviga olib kelayotgan muhim jihatlarni sanab o‘tadi: "Hukumat mustaqil huquqshunoslarni sindirishga o‘tgan va mustaqil kuzatuv hamda inson huquqlari bo‘yicha faoliyat uchun eshiklarini yopgan. Siyosiy va inson huquqlari faollarini qamoqqa tashlash va ta‘qib qilish kuchaygan. Asossiz hibslar va mahbuslarni qiynoqqa tutish, jumladan, qamoqxonalarda shubhali o‘lim hollari davom etayotgani yuzasidan ishonchli ma‘lumotlar mavjud".

Shu bilan birga hisobotda mustaqil dindorlarga qarshi bosimlar davom etayotgani, hukumat mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlari, jumladan, Hyuman Rayts Uotch erkin faoliyat yuritishiga izn bermay kelayotgani ta‘kidlanadi.

Tashkilot vaziyatni toshkentlik himoyachilardan birining inqiroz chuqurlashayotgani borasidagi izohlari bilan ta‘riflaydi.

"G‘arb vaziyatiga ko‘z yummoqda"

Tashkilot O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘ta abgor deya ta‘riflayotgan bo‘lsa-da, bu yaqindan beri G‘arb davlatlari bilan diplomatik aloqalarni yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgani yo‘q.

Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari buzilishiga oid tafsilotlar jamlangan hisoboti bilan xorijlik qudratli davlatlarni Toshkentga bosimlarni kuchaytirishga undaydi.

Tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Stiv Sverdlov O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegaradoshligi va Afg‘oniston shimolini janubini bilan bog‘lovchi yagona temir yo‘l tizimiga ega ekani bois, Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlari inson huquqlari bo‘yicha vaziyatni tanqid qilishdan chekinib, hamkorlik tomon borishganini aytadi.

Hyuman Rayts Uotch yetakchi g‘arb davlatlarining yaqindan boshlab O‘zbekiston bilan munosabatlarini qayta tiklayotganini tanqid qilarkan, ularni diplomatik aloqalar, Afg‘oniston urushidagi strategik hamkorlik uchun muammolardan ko‘z yumayotganlikda ayblaydi.

Amerika tomonining o‘zi bunga nima deydi?

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha muovini Robert Bleyk bunday ish tutish AQSh uchun muhimligini inkor qilmaydi.

"Bizga bu istisno juda zarur - Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonga mudofaa uchun lozim yordamni berar ekan bu mamlakatning chegaradagi himoyasini kuchaytiradi. Bizning yuklar aynan shu chegaralardan Afg‘onistonga o‘tadi. Biz O‘zbekistondagi inson huquqlari darajasini oshirish yo‘lida qattiq ishlashda davom etamiz, albatta, shu bilan birga o‘z qo‘shinlarimizni ham dastaklashni istaymiz. Ammo, biz O‘zbekiston bilan har bir muloqotlarimizda inson huquqlari mavzusini ko‘taramiz. Davlat kotibasi Klinton oktyabr oyi Toshkentda bo‘ldi va inson huquqlari masalalarini ham ko‘tardi. Shunday ekan, bu kun tartibidagi ko‘plab muhim masalalar qatorida qolmoqda", deb aytgan Bleyk janoblari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash O‘zbekistonning manfaatlariga xizmat qiladi.

"Inson huquqlari mavzusidagi muloqotlarimiz darajasi yaxshilangan. Biz anchayin ochiq gapirishga va O‘zbekistondagi qator masalalar yuzasidan oshkora so‘zlashishga qodir bo‘lganmiz. Aytib o‘tganimdek, bu borada ba‘zi ilgarilashlar mavjud. Inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat o‘zgaradi, chunki O‘zbekiston ushbu o‘zgarishlar o‘z manfaatida ekanini biladi. Shuning uchun ham, biz sabr bilan ishlashga harakat qilishimiz kerak va yanada ildinroqqa qadam tashlanishi uchun qo‘ldan kelganini qilish lozim", deydi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha muovini Robert Bleyk.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.