Qirg‘izistonlik mahkumlar sharoit yaxshilanishini talab qilmoqda

Image caption Mahkumlar seshanba kunidan buyon ochlik qilishmoqda

Qirg‘iziston Jazoni ijro etish davlat xizmatining bildirishicha, mamlakat qamoqxonalarida bir kundan buyon ochliq qilayotgan mahkumlar ularni maishiy qulayliklar bilan ta‘minlashlarini talab qilmoqda.

Jazoni ijro etish davlat xizmatining e‘tirof etishicha, mahkumlarning ochlik e‘lon qilishiga ularning ayollar bilan uchrashuvlari to‘xtatilgani sabab bo‘lishi ham mumkin.

Seshanba kuni asosdan poytaxt Bishkek atrofida va Issiqko‘l vodiysida joylashgan bir qator qamokxonalarida mahkumlar o‘z yaqinlariga sim qoqib, ochlik amalini boshlashganlarini aytganlar.

"Mahkumlarga jinsiy xizmat ko‘rsatgan ayollar bilan uchrashishlariga qamoqxonalar rahbarlarining aloqasi bor bo‘lishi mumkin," - deb aytgan Qirg‘iziston Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘i Sheyshenbek Bayzakov.

Uning jurnalistlarga aytishicha, 13 dekabr kuni yettita qamoqxona mahkumlari ochlik e‘lon qilganlar.

"Ularning asosiy talablari bu – mahkumlar muhtoj bo‘lgan maishiy qulayliklarni tashkil etib berish, oziq-ovqat sifatini tuzatish, ko‘rpa-to‘shaklar bilan to‘la ta‘minlash va qarindosh-urug‘lari bilan uchrashishlariga qayta ruxsat berish," - deya ilova qildi xizmat boshlig‘i.

Jazoni ijro etish xizmati Qirg‘izistonda mahkumlarga jinsiy xizmat ko‘rsatgan ayollarni yetkazib berish noqonuniy yo‘lga qo‘yilganini da‘vo qildi.

"Mazkur jinoyat yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan. Biz mahkumlar bilan uchrashgan ayollar shaxsini tekshirmoqdamiz", - dedi Sheyshenbek Bayzakov.

Poytaxt Bishkek atrofida joylashgan yettita qamoqxona mahkumlarining kecha boshlagan ochlik amali yuzasidan ma‘lumot bergan Jazoni ijro etish davlat xizmati matbuot kotibi Joldoshbek Buzurmankulov mahkumlarga ko‘l telefonlariga noma‘lum shaxslar tomonidan SMS maktublar kelayotganini aytdi.

Bu maktublarda mahkumlar davlat parlamenti raisi Ahmatbek Keldibekovning lavozimidan iste‘fo berishiga e‘tirozan ommaviy ochlik qilishayotgani ta‘kidlanadi.