Prezident Nursulton Nazarboyev 'El Boshi' ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi

Image copyright Reuters
Image caption "Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevni Millat yetakchisi nishoni bilan mukofotlash qarorini senatorlar bir ovozdan ma‘qullaganlar".

Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan mamlakat Senati Prezident Nursulton Nazarboyevni millat yetakchisi - El Boshi unvoni bilan taqdirladi.

16 dekabr rasman Qozog‘iston mustaqilligi kuni sifatida bayram qilinadi.

Bayram arafasida Qozog‘iston prezidentining Ostona shahridagi qarorgohi Oq O‘rdada Prezident Nursulton Nazarboyev qator rasmiy mulozimlarni davlat mukofotlari, orden va meddallari bilan mukofotlagan.

Qozog‘istonning ilk prezidentiga El Boshi unvonini berish haqidagi qonun 2010 yilning iyun oyida kuchga kirgan edi, mamlakat mustaqilligining 20 yilligi arafasida "El Boshi" ko‘krak nishoni bilan Prezident Nazarboyevni taqdirlashga Senat qaror qilgan.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, "Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevni Millat yetakchisi nishoni bilan mukofotlash qarorini senatorlar bir ovozdan ma‘qullaganlar".

Qozog‘iston Senati Spikeri, shu kuni janob Nazarboyevning nomiga qo‘yilgan orden bilan mukofotlangan Kayrat Mami so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror davlat rahbarining Qozog‘iston mustaqilligini rivojlantirishdagi tarixiy rolining e‘tirofi bo‘lgan.

Prezident Nazarboyev Qozoq senatorlariga ushbu tashabbus uchun minnatdorlik izhor etgan.

Qozog‘istonni Sho‘rolar Ittifoqi davridan buyon boshqarib kelayotgan 72 yoshli Prezident Nursulton Nazarboyevni mamlakatda shaxsga sig‘inishni yuzaga keltirganlikda ayblashadi.

El Boshi haqidagi qonunga ko‘ra, Qozog‘iston El Boshisi mahkama yoki boshqa javobgarlik daxlsizligi bilan ta‘minlangan, nafaqat El Boshi shaxsiga, balki unga qarashli mol-mulkka ham tegish mumkin emas.

Bir oy oldin Olma-Ota shahrida Prezident Nursulton Nazarboyevga qo‘yilgan haykal ochildi.

BBC bo'ylab