Rossiyada yangi aksil-hukumat namoyish rejalanmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Namoyishchilar Vladimir Putinning yana hukumat tepasiga qaytishiga qarshilar

Rossiya parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklarga qarshi Moskvada 24 dekabrda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan yangi mitingga Facebook ijtimoiy sahifasining 18 ming a‘zosi qo‘shilish istagini bildirishgan.

Facebook saytida "24 dekabrya na Vasilevskom. Dve nedeli spustya" (24 dekabrda Vasilevskiyda. Ikki hafta o‘tib) nomi bilan ochilgan sahifaga Moskva vaqti bilan soat 14:37da 18,687 odam a‘zo bo‘lgan. Ularning soni muntazam ravishda oshib bormoqda.

Hukumatni iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasi foydasiga ovozlarni yoppasiga soxtalashtirishda ayblayotgan Rossiya muxolifati Kreml yonidagi Vasilevskiy ko‘chasida yangi norozilik namoyishini o‘tkazishni rejalamoqda.

Muxolifat namoyish o‘tkazish arizasiga 50 ming ishtirokchini kiritgan.

10 dekabrda Moskvaning Bolotnaya maydonida 1990-yillarning boshidan beri eng yirik muxolifat namoyishi bo‘lib o‘tgan. Mustaqil ma‘lumotlarga binoan, ularda 60 ming kishi ishtirok etgan.

Namoyishchilar yangi parlament saylovlari o‘tkazilishi, Markaziy saylov komissiyasi rahbari Vladimir Churovning iste‘fosi, muxolif partiyalarning rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishi, Rossiyadagi siyosiy tizimning liberallashtirilishi va saylovorti namoyishlarda hibsga olingan faollarning ozod etilishini talab qilishgan.

Miting ishtirokchilarining aksari tadbir haqida aynan internetdan eshitishgani aytiladi, chunki markaziy telekanallar norozilik namoyishlari haqida xabar berishmagan.

Kelgusi namoyishlar seshanba kuni Moskva jurnalistlar uyida yig‘ilgan maxsus tashkiliy qo‘mita majlisida muhokama qilingan.

Unda "Inson haqlari uchun" harakati rahbari Lev Ponomarev, "Memorial" inson haqlari markazi rahbari Oleg Orlov, "Ximki o‘rmoni himoyasi uchun" harakati rahbari Yevgeniy Chirikov, "Adolatli Rossiya" partiyasi a‘zosi Ilya Ponomarev va "Chap front" matbuot kotibi Anastasiya Udaltsova ishtirok etganlar.

Rossiya hukumati Duma saylovlaridagi ovoz berish va ovozlarni sanash jarayoni adolatli tarzda o‘tgani va saylovchilar xohish-istaklarini ask etirishini aytgan.

Prezident Dmitriy Medvedev Bolotnaya maydonidagi shiorlar va namoyishchilar maqsadlarini qo‘llab-quvvatlamasligini, biroq fuqarolarning tinch namoyishlar o‘tkazish huquqlarini tan olishini bildirgan.