Fransa mahkamasi Jak Shirakni korruptsiyada aybdor deb topdi

Image copyright AP
Image caption Jak Shirak o‘n ikki yil davomida Fransaga rahbarlik qildi

Fransa mahkamasi mamlakat sobiq prezidenti Jak Shirakni davlat mablag‘idan noto‘g‘ri foydalanish va jamoatchilik ishonchini suistimol qilishda aybdor deb topib, ikki yillik shartli jazoga hukm etdi.

79-yoshli Shirak sog‘ligi yomon bo‘lgani uchun mahkamada ishtirok etmagan.

Ayblovlar Jak Shirak Parij hokimi bo‘lgan davrga borib taqaladi.

Sobiq prezident Parij hokimi bo‘lgan yillarda o‘z partiyasi a‘zolariga hokimiyat xodimlariga ajratilgan mablag‘dan oylik to‘laganlikda ayblangan.

Shirak 1977 yildan 1995 yilga qadar Parij shahri hokimi vazifasini bajardi va 1995 yildan 2007 yilga qadar Fransaga rahbarlik qildi.

Fransa qonunlariga ko‘ra, mamlakat prezidenti jazoga tortilishi mumkin emas.

Prokuror hakamdan Shirak va yana to‘qqiz ayblanuvchini oqlashni so‘radi. Ayni ish yuzasidan 2004 yilda bir necha odam, jumladan Fransaning hozirgi tashqi ishlar vaziri Alen Jyuppe, javobgarlikka tortilgan.

Janob Jyuppega o‘shanda 14 oylik shartli qamoq jazosi tayinlangan edi.

Jak Shirak - jinoiy javobgarlikka tortilayotgan Fransaning ilk prezidentidir.

Faromushxotirlik

Sobiq prezidentning do‘stlari oxirgi oylarda Jak Shirakda faromushxotirlik kuchayganini aytishadi. Ularning aytishicha, Jak Shirakning o‘zi buni sezmaydi.

Hakamga, Shirak oilasi so‘rovi bilan, shifokor xulosasi taqdim etilgan. Unda Jak Shirakni mahkamaga chaqirmaslik tavsiya qilingan.

BBC muxbiri so‘zlariga ko‘ra, ba‘zi fransaliklar tibbiy xulosaga ancha ishonchsizlik bilan munosabat bildirishadi.

Ularga ko‘ra, Shirak oilasi uni mahkamaga chaqirilib, sharmanda bo‘lishini istamagan.