Vladimir Putin parlament saylovi natijalarini himoya qilib chiqdi

Image copyright AFP
Image caption Vladimir Putin har yili dekabr oyida rossiyaliklar bilan jonli muloqot o‘tkazadi

Rossiyaliklar bilan davlat televideniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon muloqoti o‘tkazgan Rossiya Bosh vaziri parlament saylovi natijalarini himoya qilib chiqdi.

Vladimir Putinga ko‘ra, parlament saylovi natijalari "mamlakatdagi kuchlarning haqqoniy muvozanatini ko‘rsatadi".

O‘tgan shanba kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan ko‘p sonli aksil-muxolifat namoyishlari haqida fikr bildirar ekan Rossiya bosh vaziri insonlarning ko‘chalarga chiqib, o‘z fikrlarini bildirishiga qarshi emasligi, ammo har qanday chiqish qonun chorcho‘basida bo‘lishi lozimligini aytdi.

U, shuningdek, muxolifatning e‘tiroz ramziga aylangan oq lentalarni prezirvativlarga tenglashtirdi

"Muxolifatning norozi bo‘lishida hech qanday yangilik yo‘q - bu har doim bo‘lgan, muxolifat [...] hokimiyat uchun kurashadi va hokimiyatda bo‘lganlarni siqib chiqarish uchun hamman narsadan foydalanadi. Muxolifat saylovlar haqqoniy o‘tmagani haqida doimo gapiradi. Bu har doim, barcha mamlakatlarda bo‘lgan, uning qaysi shaklda aks etishi esa - siyosiy madaniyat masalasi", - deb aytdi Vladimir Putin.

Televizion dastur boshlovchisining saylovlardagi soxtalashtirishlar haqidagi savoliga javob berarkan janob Putin "saylovlar mamlakatdagi kuchlarning haqqoniy muvozanatini ko‘rsatadi", deb aytdi.

Vladimir Putin "Yagona Rossiya" partiyasi hokimiyatni saqlab qolganidan mamnun ekanini bildirdi.

Prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surishini bildirgan janob Putin prezidentlik saylovi paytida barcha saylov uchastkalariga veb-kameralar o‘rnatishni taklif qildi.

Biroq, rus muxolifati soxtalashtirishlar saylov uchastkalarida emas, balki ovozlarni hisoblash jarayonida yuz berganini da‘vo qiladi.