AQSh Iroqda harbiy amaliyot rasman nihoya topganini e‘lon qildi

Image copyright Reuters
Image caption AQSh qo‘shinlari kelgusi ikki hafta ichida Iroqdan butunlay chiqib ketishi kutilmoqda

Iroq poytaxti Bag‘dodda Amerika qo‘shinlarining bayrog‘i tushirildi.

Bayroqni tushirish marosimida ishtirok etgan Amerika Mudofaa vaziri, Lion Panetta, Iroqda to‘qqiz yil davom etgan harbiy amaliyot rasman nihoya topganini e‘lon qildi.

Marosimda ishtirok etgan harbiylarga gapirgan Lion Panetta Amerika missiyasi "to‘kilgan qon va sarflangan dollarlar"ga arzishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘qqiz yil davom etgan urush Iroq xalqiga imkoniyatlar davrini ochib bergan.

Hozirda Iroqda hammasi bo‘lib to‘rt mingga yaqin AQSh askari qolgan, biroq ularning kelgusi ikki hafta ichida chiqib ketishi kutilmoqda.

Iroqda harbiy amaliyot cho‘qqisiga chiqqan payti u yerdagi Amerika qo‘shinlari adadi 170 mingga yetgan edi.

Janob Panetta AQSh askarlari Iroqni iftixor bilan tark etishlari mumkinligini aytgan.

"Iroqliklar va amerikaliklar to‘kkan qon evaziga Iroq endi o‘zini bemalol idora qila oladi," dedi u.

Urush to‘rt yarim mingga yaqin amerikalik askar va 100 mingdan ziyod iroqlik hayotiga zomin bo‘ldi.

Bush ma‘muriyati tomonidan 200-yil martida boshlatilgan mojaro ko‘p o‘tmay butun dunyoda qoralana boshladi.

Saddam Husayn ommaviy qirg‘in qurollarini yashirayotgani va al-Qoida jangarilarini qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi da‘volar mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lib chidi.

Iroq urushida Qo‘shma Shtatlar 1 trillion dollarga yaqin mablag‘ sarfladi.

Yaqinda o‘tkazilgan ommaviy so‘rovga ko‘ra, Amerika aholisining 75% qo‘shinlarni Iroqdan chiqarib olinishini qo‘llab-quvvatlaydi.