Pekin internet bloggerlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda

Image copyright AP
Image caption Xitoyda yuz millionlab insonlar internetdan foydalanishadi

Pekin shahar hokimiyati internet bloggerlari ustidan nazoratni kuchaytirishini ma‘lum qilgan.

Joriy etilayotgan yangi tartibga muvofiq, internet sahifada fikr qoldirmoqchi bo‘lgan har qanday shaxs veb sahifa ma‘muriga o‘zining haqiqiy ismini bildirishi zarur bo‘ladi.

Xitoyda yuzlab million odam mikro bloglardan foydalanadi.

Mikrobloglar hukumatni tanqid qilishning eng qulay va ommaviy usuliga aylangan.

Pekindagi BBC muxbiri Maykl Bristouning xabar berishicha, mikro-bloggerlarga kiber fazoda taxallus tanlash imkoni beriladi.

Biroq, shu bilan birga, ular veb sahifalarda sharh yoki izoh qoldirishdan oldin o‘zlarining haqiqiy ismlarini Pekin shahar hokimiyatiga bildirishlari shart.

Yangi tartib tahlilchilar tomonidan internet bloggerlarni nazorat etishga urinish sifatida baholanmoqda.

Xitoy kommunist rahbarlari tanqidni yoqtirmaydi, deydi Maykl Bristou.