Xalqaro Jinoyat mahkamasi Qaddofiyning o‘limiga jinoyat sifatida qaramoqda

Image copyright Reuters
Image caption Videolavhalarda Muammar Qaddofiy hayotining so‘nggi lahzalari muhrlangan

Gaagadagi Xalqaro Jinoyat mahkamasi bosh prokurori Luis Moreno-Okampo Liviya sobiq diktatori Muammar Qaddofiyning o‘limi "shubha uyg‘otishi"ni aytgan.

Diktatorning o‘limi harbiy jinoyat orqasidan sodir etilgan bo‘lishi mumkinligini e‘lon qilgan.

Moreno-Okamponing ta‘kidlashicha, Xalqaro jinoyat mahkamasi vakillari o‘zlarining shubhalarini Milliy o‘tish kengashi - Liviyaning o‘tish davri hukumatiga taqdim qilganlar.

Qaddofiy shu yilning oktyabr oyida Milliy o‘tish kengashi tarafdorlari tomonidan ota shahri Sirt yaqinida qo‘lga olinib, o‘ldirilgan edi.

Dastavval, Milliy o‘tish kengashi rasmiylari Qaddofiyning o‘limi kurashayotgan ikki tomonning qurolli to‘qnashuvi orqasidan sodir bo‘lganini da‘vo qilishgan.

Keyinchalik, g‘arb siyosatchilarining bosimi ostida tekshirish o‘tkazishga rozilik berishgan edi.

"Qaddofiyning qay tarzda o‘ldirilganligi, bu yerda harbiy jinoyat sodir etilgan, degan shubhani uyg‘otadi,- degan Moreno-Okampo jurnalistlarga. - O‘ylaymanki, bu judayam muhim savol.

Biz vaqtli hukumatga o‘z xavotirlarimizni bildirdik.

Va ular bu jinoyatni to‘liq tekshirib chiqish strategiyasini ishlab chiqishmoqchi".

Aksilqaddofiy kuchlar ag‘darilgan diktatorni tsement qoriladigan tuynukdan topishgan.

Havaskor suratga olingan videolavhalarda Qaddofiy qo‘lga olingan paytda yarador, lekin tirik qolganini ko‘rish mumkin.

Sayful Islom Liviyada mahkamaga tortiladi

Videolavhalarga ko‘ra, Qaddofiyni o‘rab olgan qo‘zg‘olonchilar uni sudrab, tepkilashadi.

Qaddofiy olomon orasida ko‘rinmay qolganidan so‘ng, bir necha marta o‘q ovozlari eshitiladi.

Qaddofiy bilan birga uning o‘g‘li Muttasim ham qo‘lga olingan va olgan jarohatlari orqasidan halok bo‘lgan.

Oldinroq Xalqaro jinoyat mahkamasi Liviyaning yangi hukumati tomonidan qo‘lga olingan Qaddofiyning boshqa o‘g‘li Sayful Islomga nisbatan harbiy jinoyatlar sodir etganlik aybini qo‘ygan.

Hozirda Sayful Islom Liviyadagi turmada bo‘lib, Xalqaro Jinoyat mahkamasining bosh prokurori uni Gaagada emas, Liviyada mahkamaga tortilishiga rozilik bergan.