Rossiya 18 yildan so‘ng Jahon Savdo Tashkiloti a‘zosiga aylanmoqda

Image copyright AFP
Image caption Rossiya JSTga a‘zo bo‘lishni 18 yil kutishiga to‘g‘ri keldi

Rossiya Jenevada boshlangan rasmiy marosimda Jahon Savdo Tashkiloti (JST) a‘zoligiga qo‘shilmoqda.

Moskva JST a‘zoligidan Hindiston va Braziliya kabi iqtisodi tez sur‘atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlar, shuningdek, AQSh kabi yirik va barqaror savdo imperiyalari bilan savdo aloqalarini kengaytirishni ko‘zda tutmoqda.

Biroq Rossiyaning JSTga a‘zoligi ulkan savdo muzokaralari yechimini kutayotgan paytga to‘g‘ri kelgani, bu masalani o‘zgartirishi mumkinligidan xavotirni yuzaga keltirgan.

Rossiya JSTga a‘zo bo‘lishni 18 yil kutishiga to‘g‘ri keldi.

JSTning amaldagi a‘zolari Rossiya iqtisodining barqarorligiga shubha bilan qaraganlari ortidan bunday vaziyat yuzaga kelgan edi.

Bunday shubhalar yechila boshlaganda, siyosatchilar Gurjiston muammosini ro‘kach qilishdi.

Gurjiston Jahon Savdo Tashkilotiga a‘zo bo‘lgan 2008 yilda ikki mamlakat o‘rtasida yuz bergan qisqa jang Rossiyaning JSTga a‘zo bo‘lishini ortga surdi.

Nihoyat, barcha masalalarga oydinlik kiritilib, Rossiya tashkilot a‘zoligini qabul qilishi mumkin.

Moskva JSTga a‘zolikdan Rossiya uchun iqtisodiy va savdo aloqalarni kuchaytirishni mo‘ljallamoqda.

Tashkilotning eski a‘zolari Rossiya endilikda raqobatbardosh va shaffofroq iqtisodga aylanishi mumkinligini aytishadi.