Tojikiston O‘zbekistonni "iqtisodiy muhosira"da aybladi

Image copyright BBC World Service
Image caption Tojikiston shimoliy va janubiy hududlari O‘zbekiston bilan chegaradosh

Tojikiston parlamenti a‘zolari o‘zlarining o‘zbekistonlik hamkorlariga murojaatnoma yo‘llab, ikki mamlakat janubini bog‘lab turuvchi G‘alaba-Amuzang temir yo‘lini qayta ochishni talab qilganlar.

Juma kuni Tojikiston parlamenti tomonidan tasdiqlangan murojaatnomada O‘zbekiston Tojikistonning Xatlon va Badashxon viloyatlarini "iqtisodiy muhosira" qilishda ayblangan.

Ikki kun muqaddam Jahon Oziq-ovqat tashkiloti G‘alaba-Amuzang temir yo‘l qatnovini to‘xtatilishi Tojikistonda oziq-ovqat tanqisligini keltirib chiqarishi mumkinligini bildirgan edi.

Tojikiston parlamentining raisi Shukurjon Zuhurovning aytishicha, BMT Oziq-ovqat dasturi ham ayni temir yo‘lning berkitilishidan o‘z xavotirini izhor etgan.

Uning ilova qilishicha, G‘alaba-Amuzang temir yo‘lida BMT Oziq-ovqat dasturiga tegishli 20 vagon O‘zbekiston janubida ushlab turilibdi.

Shukurjon Zuhurov BMT vagonlariga hammasi bo‘lib 1500 tonna oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yuklanganini aytadi.

Bularning bari Xatlon va Badaxshon viloyatlaridagi yo‘qsil aholiga yetkazilishi kerak edi, deydi Shukurjon Zuhurov.

O‘tgan oy G‘alaba-Amuzang temir yo‘lida yuz bergan portlash ortidan rasmiy Toshkent ayni temir yo‘lda poyezdlar qatnovini noma‘lum muddatga to‘xtatgan edi.

"Tojikiston Temir Yo‘llari" shirkatiga ko‘ra, hodisa yuz bergan paytdan buyon O‘zbekiston ayni shirkatga tegishli 320 dan ortiq vagonni ushlab turibdi.

Mazkur vagonlarda oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i va qurilish mollari bilan birga Afg‘oniston shimolidagi NATO kuchlariga yetkazilishi lozim bo‘lgan noharbiy yuklar ham bor, deya ta‘kidlaydi "Tojikiston Temir Yo‘llari" shirkati.

Tojikiston rasmiylarining da‘vo qilishicha, O‘zbekiston tomoni ularga portlash natijasida vayron bo‘lgan ko‘prikni borib ko‘rishga ruxsat bermagan.

Avvalroq, rasmiy Dushanbe agar O‘zbekiston izn bersa, mazkur ko‘prikni o‘z hisobiga qayta qurishga tayyor ekanini aytgandi.

Tojikiston hukumatiga ko‘ra, mamlakat bosh vaziri G‘alaba-Amuzang temir yo‘lini ochishni so‘rab, O‘zbekiston bosh vaziri nomiga ikki rasmiy maktub yo‘llagan, biroq javob hamon berilmadi.