Ravshan Ermatov hakamlik qilgan o‘yinda "Barsa" g‘olib chiqdi

Image copyright Getty
Image caption "Barselona" ikki bor Jahon chempionligini qo‘lga kiritib, klublar orasida yangi rekord o‘rnatdi

Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining final bosqichida Braziliyaning "Santos"ini yirik hisob bilan mag‘lub etgan Ispaniyaning nahang "Barselona"si ikkinchi bor dunyoning eng zo‘r klubiga aylandi.

Yaponiyaning Yokogama shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda "Barsa" raqibini 4:0 hisobida yakson etdi.

"Nissan" stadionidagi o‘yinni o‘zbekistonlik dongdor hakam Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar hay‘ati boshqardi.

Ispaniyaliklar bellashuvning birinchi qismidayoq o‘zlarining nimalarga qodirliklarini isbotlab qo‘yishdi.

"Santos" darvozasini zabt etgan to‘rtta to‘pdan uchtasi dastlabki 45 daqiqaning o‘zidayoq kiritildi.

Uchrashuvning birinchi va yakuniy to‘pini uchinchi bor "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" maqomiga da‘vogarlik qilayotgan Lionel Messi o‘z hisobiga yozdi.

"Barselona" so‘nggi g‘alabasi ortidan turnir rekordsmeniga ham aylandi.

Ispaniya nahangiga qadar biror bir jamoaga ikki bor klublar o‘rtasida Jahon chempioni bo‘lish nasib etmagan.

"Barsa" yarim finalda bu yilgi Osiyo chempioni, Quvaytning "Al-Sadd"ini ham xuddi shunday hisob bilan mag‘lub etgandi.

Karles Puyol jamoasining finaldagi g‘alabasini "Al-Sadd"ga qarshi o‘yinda oyog‘ini sindirib olgan yulduz hujumchilari David Vilьyaga bag‘ishlagan.

U, "Maydonda qoyilmaqom futbol namoyish etganliklari"ni aytgan.

Braziliyaning tilga tushib kelayotgan yosh yulduzi Neymar ham "Barsa"ning mahoratiga tan bergan.

"Barselona"ni to‘xtatib bo‘lmaydi. Klub o‘zining ajoyib futbolchilari bilan hozir dunyodagi eng zo‘r jamoadir".

Ravshan Ermatov esa, 2008 yilda ham Yaponiyada bo‘lib o‘tgan klublar orasidagi Jahon chempionatining final bellashuviga hakamlik qilgan va o‘zining mahorati bilan tilga tushgandi.

O‘zbekistonlik dongdor hakam kuni-kecha Quvaytning "Al-Sadd" jamoasi g‘olib chiqqan Osiyo Chempionlar ligasining yakuniy uchrashuvini ham boshqargandi.