Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir qazo qildi

Image copyright 1
Image caption Xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbarining o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan

Shimoliy Koreya davlat televideniyesi mamlakat lideri Kim Chin Ir olamdan o‘tganini ma‘lum qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, 69 yoshli janob Kimning o‘limiga "jismoniy va aqliy zo‘riqish" sabab bo‘lgan.

Shimoliy Koreya rahbari 69 yoshda edi.

Qop-qora motam libosida bo‘lgan suxandonning ko‘zlarida yosh bilan e‘lon qilishicha, hodisa o‘tgan shanba kuni yuz bergan.

Ayon bo‘lishicha, Kim Chen Ir poytaxt Pxenьyan tashqarisidagi tumanga safar qilayotgan bo‘lgan.

Shimoliy Koreya axborot agentligining bildirishicha, janob Kim yurak xurujiga uchragan.

U 1994 yilda otasi Kim Ir Senning o‘rniga qudratga kelgan va o‘shandan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgandi.

Voris "o‘rtoq Kim"

Qariyb bir yildan beri Kim Chen Irning vorisi hali 30 yoshga ham kirmagan kichik o‘g‘li Kim Chen Un bo‘lishi haqida gap-so‘zlar yurardi.

Endi esa, Shimoliy Koreya axborot agentligi butun xalqni yosh Kimning atrofida jipslashishga chaqirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Kim Chen Irning dafn marosimi 28 dekabr kuni poytaxt Pxenьyanda bo‘lib o‘tadi.

Image copyright AFP PHOTO KCNA VIA KNS
Image caption Kim Chen Irning o‘rnini kichik o‘g‘li egallashi kutilmoqda

Dafn marosimini uyushtirish hay‘atiga Kim Chen Un boshchilik qilishi aytiladi.

Yangilik emas

Shimoliy Koreya rahbarining sog‘lig‘i yaxshi emas ekaniga oid gap-so‘zlar ancha vaqtdan buyon yurgandi.

Kim Chen Ir 2008 yilda insult o‘tkazgan va uzoq vaqt jamoatchilikka ko‘rinish bermay ketgandi.

Muxbirimiz Lyusi Uilьyamsonning xabar berishicha, shunda ham, "qadrli rahbar"larining o‘limi Shimoliy Koreyani larzaga solishi tayin.

Rasmiy Seulning bildirishicha, mamlakat qurolli kuchlari o‘ta shay ahvolga keltirilgan.

Shimoliy Koreya Milliy Xavfsizlik Kengashi esa, favqulodda yig‘inga hozirlik ko‘rmoqda.

Oq Uy ham Kim Chen Irning o‘limiga oid xabarlarni yaqindan kuzatib turganligini bildirgan.

AQSh hukumatining bildirishicha, "Koreya yarim orolida barqarorlik, ittifoqchilarining erkinligi va xavfsizligi g‘oyasiga sodiq qolishadi".

Shimoliy Koreya rahbarining o‘limi ortidan, Osiyo fond birjalarida hissalar narxlari tusha boshlagan.