BBC navigation

Qirg‘iziston: Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukm o‘z kuchida qoldi

Сўнгги янгиланиш 20 декабр 2011 - 15:01 GMT

Azimjon Asqarov tergov paytida qattiq kaltaklanganini aytadi

Qirg‘iziston Oliy mahkamasi huquq faoli Azimjon Asqarov va yana yetti mahkum ustidan avvalgi mahkamalar chiqargan hukmlarni o‘z kuchida qoldirdi.

Azimjon Asqarov o‘tgan yili iyun oyidagi etnik nizolar chog‘ida bir militsiya xodimini o‘ldirish va milliy nafrat uyg‘otishda aybdor deb topilib, o‘tgan yil sentyabr oyida bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Qolgan ayblanuvchilarga 20 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolari tayinlangan.

Oliy mahkama sakkiz mahkum ishini boshlashi bilanoq Azimjon Asqarov advokati Nurbek To‘xtoxunov mahkama tarkibiga ishonchsizlik bildirgan, ammo mahkama uning talabini rad etgan.

Mahkama advokatning Azimjon Asqarovni mahkamaga keltirish va unga o‘zini himoya qilish uchun imkon berish talabini ham rad etgan.

Iyun voqealari paytida o‘ldirilgan militsiya mayori Miqtibek Sulaymonov rafiqasi Chinara Bechelova Oliy mahkama qaroridan qanoat hosil qilganini aytadi.

"Berilgan jazodan men qanoat hosil qildim. Nima uchun deganda tuman va viloyat mahkamalarida barcha gunohlar bo‘yniga qo‘yilgan, guvohlar keltirilgan, dalillar berilgan. Shu sababli men Oliy mahkama hukmini to‘g‘ri deb hisoblayman," - dedi Chinara Bechelova.

Huquqbonning o‘zi bu hodisalarni dalil sifatida faqatgina suratga tushirishga harakat qilgani va aybsiz ekanini ta‘kidlab keladi.

Qator xalqaro tashkilotlar Azimjon Asqarov ustidan chiqarilgan hukmni "adolatsiz", deya baholaganlar.

Millati o‘zbek bo‘lgan Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukm hukumat zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda faqat o‘zbeklar javobgarlikka tortayotgani borasidagi yangi qo‘rquvlarga sabab bo‘ldi.

Xalqaro Amnesti guruhiga ko‘ra, Asqarov hibsga olinishidan oldin militsiyaning zo‘ravonliklarga bosh qo‘shgani xususida dalillar to‘playotgan bo‘lgan.

Human Rights Watch, Xalqaro Amnesti va Fridom Houz tashkilotlari chiqargan bayonotlarga ko‘ra, Azimjon Asqarov hamda u bilan birga mahkamaga tortilgan yetti kishi qamoqxonada qiynoqlarga solingan.

Freedom Housening aytishicha, Asqarov uch kun hech qanday ayblovlarsiz noqonuniy hibsda saqlangan va uning uyida rasmiy ruxsatsiz tintuv o‘tkazilgan.

Qirg‘iziston janubida o‘tgan iyun oyida qirg‘iz va o‘zbek jamoalari o‘rtasida yuz bergan zo‘ravonliklarda aksari o‘zbeklardan iborat yuzlab inson nobud bo‘ldi va 400 ming kishi boshpanasiz qoldi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.