Tojikiston: To‘rajonzoda Moskvadagi namoyishni "ig‘vo"ga tenglashtirdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Hoji Akbar To‘rajonzoda o‘z muammosini Tojikistonda hal qilish niyatida ekanini aytadi

Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi o‘ngida "Muhammadiya" masjidi fa‘oliyatini vaqtincha to‘xtatish qaroriga e‘tirozan kichik namoyish bo‘lib o‘tdi.

Biroq Hoji Akbar To‘rajonzoda namoyishni "ig‘vo" deb baholadi va undan maqsad To‘rajonzoda oilasi va mamlakat prezidenti hamda hukumati munosabatlarini yomonlashtirish ekanini aytdi.

Seshanbaning ikkinchi yarimida Moskvadagi Tojikiston elchixonasi o‘ngida 15-20 kishi to‘planib, Tojikiston hukumatidan To‘rajonzoda oilasiga nisbatan bosimlarni to‘xtatish va "Muhammadiya" masjidining fa‘oliyatiga to‘sqinlik qilmaslikni talab qildi.

Hoji Akbar To'rajonzoda mazkur namoyishni uning oilasiga nisbatan "navbatidagi ig‘vo" deya baholadi.

"Biz buni endi, albatta, provokatsiya, deb bilamiz. Chunki, bundan xabarimiz yo‘q. Bizdan hech kim maslahat so‘ragani yo‘q... Qirq kishiga yaqin elchixona o‘ngiga chiqishar ekan... Birinchidan, Xudoga shukr, bizning Rossiyada o‘n minglab, yuz minglab tarafdorlarimiz bor. Bizga kerak bo‘lsa, o‘n minglab odamni chiqaraman. Lekin, biz bu ishlarni qilmoqi emasmiz. Rossiyada turib bu ishni qilish - Tojikiston obro‘sini tushirish. Biz muammolarimizni shu yerda, Tojikistonning o‘zida hal qilmoqchimiz," - dedi Hoji Akbar To‘rajonzoda.

Ammo Moskva shahridagi Markaziy Osiyo siyosiy muhojirlari uyushmasining raisi va mazkur namoyish tashkilotchisi Bahrom Hamroyev BBC bilan suhbatda janob To‘rajonzoda ayblovini rad etdi.

"O‘z haqini talab qilish va biron kishini huquqini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik ig‘vo hisoblanmaydi. Kim ig‘vogarlik qilmadi: bizmi yo Tojikiston hukumati-mi? Biz faqat Tojikistonda musulmonlar huquqlari poymol bo‘layotganidan xavotir bildirib, namoyishga chiqqanmiz," - deb aytdi Bahrom Hamroyev.

Uch hafta oldin Tojikiston Islomiy Ulamolar Kengashi o‘z bayonotida To‘rajonzoda oilasini "Muhammadiya" masjidida Ashura marosimini rasmiy tarzda nishonlash bilan mamlakat musulmonlari orasida nizo qo‘zg‘atishda ayblangan edi.

Ammo janob To‘rajonzoda bunday ayblovni "to‘hmat" va "izzat va sharafni tahqirlash" deb baholadi.

Ortidan Tojikiston Din qo‘mitasi din qonuniga rioya qilmaslik ayblovi bilan Vahdat nohiyasidagi "Muhammadiya" juma masjidi faoliyatini uch oyga to‘xtash borasida qaror chiqardi.

Mazkur masjidda taniqli islomiy ulamo Hoji Akbar To'rajonzodaning birodarlari - Eshon Nuriddin va Eshon Mahmudjon - imomlik qilishadi.

Din qo‘mitasi, shuningdek, ikki imomni ham lavozimlaridan bo‘shatishga qaror qildi.

Tojikiston Islomiy Ulamolar Kengashi raisi Saidmukarram Abduqodirzoda BBC bilan suhbatda To‘rajonzoda oilasi bilan bahslarda biron siyosiy jihat yo‘qligi va mazkur masjid faoliyati faqat Hanafiy mazhabiga xilof amallarni bajarilishi sababli vaqticha to‘xtatilganini aytdi.

"Xudoga qasam, bizda To‘rajonzodalar bilan shaxsiy adovat yo‘q. Oramizda dushmanlik ham yo‘q. Bu siyosiy masala yoki bosim ham hisoblanmaydi. Faqat, Islomiy Ulamolar Kengashi bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, "Muhammadiya" masjidida, rasmiy tarzda, Ashura marosimi o‘tkazilgani va Payg‘ambar sahobalari la‘nat qilinganiga munosibat bildirdik,"- dedi janob Abduqodirzoda.

Ammo, Hoji Akbar To‘rajonzodaning aytishicha, ibodatni buzish yo ibodat qilishga ijozat bermaslik Tojikiston Jinoiy kodesining 152-moddasi bo‘yicha jinoyat hisoblanadi.

Ayni modda asosida janob To‘rajonzoda Tojikiston Din qumitasining raisi Abdurahim Xoliqov ustidan Vahdat nohiyasi prokuraturasi va Bosh prokuraturaga shikoyat qilgan.

Hoji Akbar To‘rajonzoda, shuningdek, Saidmukarram Abduqodirzodani "to‘hmat" va "izzat va sharafni tahqirlash"da ayblab, mahkamaga bergan.