AQSh Shimoliy Koreyani "tinchlik yo‘li"dan borishga da‘vat qildi

Image copyright Getty
Image caption Kim Chen Ir o‘limi ortidan AQSh mintaqa davlatlari bilan favqulodda uchrashuvlar o‘tkazmoqda

Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyani Kim Chen Ir o‘limi ortidan "tinchlik yo‘lidan" borishga chaqirgan.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Vashington Shimoliy Koreya xalqiga yordam berish va Koreya yarim orolida xavfsizlikni ta‘minlashga tayyor ekanini aytgan.

Amerika ma‘muriyati hozirda Shimoliy Koreyaga qo‘shni davlatlar bilan favqulodda yig‘inlar o‘tkazmoqda.

Prezident Barak Obama AQShning mintaqadagi ittifoqchilarini, agar zarur bo‘lsa, himoya qilishga va‘da bergan.

Kim Chen Ir o‘rniga uning kenja o‘g‘li - Kim Chen In - Shimoliy Koreya rahbari etib tayinlanishi kutilmoqda.

Biroq tahlilchilar Kim Chen Irning o‘limi Shimoliy Koreyada siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarishidan xavotirdalar.

Dushanba kuni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir yurak xurujidan vafot etdi. Shimoliy Koreya televideniyesi kun bo‘yi Kim Chen Ir o‘limiga aza tutgan millionlab koreyaliklarni namoyish etgan. Kim Chen Ir mamlakatni 1994 yildan buyon idora etib kelayotgandi.

"Biz KXDR yangi rahbariyati mamlakatni tinchlik yo‘lidan olib borishiga, Shimoliy Koreyaning xalqaro majburiyatlariga rioya etishiga, qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilashiga va boshqa xalqlar huquqlariga hurmat ko‘rsatishiga umid qilamiz", - deyiladi Hillari Klinton bayonotida.

Ayni damda AQSh prezidenti yuzaga kelgan vaziyatni Yaponiya va Janubiy Koreya rahbarlari bilan muhokama qilgan.

Oq Uyning xabar berishicha, Yaponiya Bosh vaziri Yesixiko Noda bilan suhbatda Barak Obama "mamlakati o‘z ittifoqchilari, jumladan Yaponiyani himoya qilishga tayyor ekanini ta‘kidlagan".

Shu bilan birga, AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta o‘zining janubiy Koreyalik hamkasbi Kim Gvan Chjin bilan bilan suhbatlashgan va kelgusi amallarni muvofiqlashtirish va davomli ma‘lumot almashishga kelishib olgan.

Shimoliy Koreyaning eng yaqin ittifoqchisi va asosiy savdo sherigi bo‘lgan Xitoy esa, dushanba kuni bayonot tarqatib, Shimoliy Koreya xalqini Kim Chen In atrofida jipslashishga chaqirgan.