Termizdan Mozori Sharifga uzangan temir yo‘lning dastlabki qismi ishga tushirildi

Image caption Hayraton bandargoh shaharchasi temir yo‘l stantsiyasi yaqin orada yanada ko‘p yuklarni o‘tkaza oladi, deyishadi Afg‘on rasmiylari

O‘zbekistonning Amudaryo ko‘prigi ustidan o‘tgan temir yo‘ldan boshlangan va Afg‘oniston shimolidagi Mozori-Sharif shahriga yetib borgan yangi temir yo‘l ishga tushirilgan.

Ilk bor 75 kilometrlik yo‘ldan yuk ortilmagan poyezd o‘tgan, u Mozori-Sharif stantsiyasiga kirib borgan.

Ushbu temir yo‘l Afg‘oniston hududi orqali Ovro‘podan Osiyoga, shimoldan janubga yuk olib o‘tishga mo‘ljallangan yirik tarmoq loyihasining bir qismi deb ko‘rilayapti.

Shu bilan birga ushbu temir yo‘l uchastkasining Afg‘onistondagi xorijiy qo‘shinlar uchun shimoliy ta‘minot yo‘li sifatidagi ahamiyati so‘nggi paytda ortgan.

Pokiston-Afg‘oniston chegarasida NATO havo hujumi oqibatida Pokiston askarlari o‘ldirilganidan keyin Afg‘onistonga ta‘minot yo‘li yopib qo‘yilgan, yaqin yillarda Afg‘onistondan xalqaro kuchlarning olib chiqib ketilishida ham shimoliy yo‘nalish muhim bo‘lishi kutilmoqda.

Pokistondan Afg‘onistonga yo‘l olgan xorijiy kuchlarga mo‘ljallangan yuklar ortilgan avtomobillar karvoniga hujumlar ko‘paygani AQSh rasmiylarini ko‘proq Afg‘oniston shimoliga e‘tibor qaratishga undagan, so‘nggi yillarda qator yuqori martabadagi Amerika rasmiylari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Yaqin vaqtlargacha ham Pokiston orqali jami ta‘minot yuklarining 75 foizgachasi Afg‘onistonga olib kirilgan bo‘lsa, bugunning o‘zida shuncha yuk shimoldan olib borilayapti.

O‘zbekistonning Afg‘oniston chegarasidagi Termiz shahri aeroportida Olmoniya qo‘shinlari ham joylashtirilgan.

Termiz yaqinida Sho‘rolar Ittifoqining ishg‘oli paytida Amudaryo ustidan qurilgan ko‘prik mavjud, bu ko‘prik uzra avtomobil va temir yo‘llari o‘tkazilgan.

Amudaryoning Afg‘oniston sohilidagi Hayraton bandargoh shaharchasi temir yo‘l stantsiyasi imkoniyati ham kengaytirildi, rasmiylarga ko‘ra, temir yo‘l to‘la ishga tushganidan keyin Hayraton orqali hozirgi oyiga 4000 tonna yuk o‘rniga 40 ming tonnagacha yukni qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Hayraton-Mozori-Sharif temir yo‘l qurilishini Osiyo Taraqqiyot banki moliyalagan, loyihaga 165 million dollar mablag‘ sarflangani xabar qilingan.

Yo‘l qurilishida O‘zbekiston shirkatlari band bo‘lganlar.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi yuk tashish ishlari bilan O‘zbekistonning davlat nazoratidagi Sogdiana Trans shirkati shug‘ullanadi.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, Hayraton-Mozori-Sharif yo‘lini Turkmanistonga ham ulaydigan shoxasini qurish borasida Ashxobod rasmiylari bilan muzokaralarni mo‘ljallamoqdalar.

Ilk Afg‘oniston temir yo‘li foydalanishga topshirilganining tantanali marosimini yaqin orada o‘tkazish rejalangan.