BBC navigation

Shimoliy Koreya dohiysi o‘limi ortidan, uning o‘g‘li yakka hokim bo‘lmasligi mumkin

Сўнгги янгиланиш 21 декабр 2011 - 12:05 GMT

Shimoliy Koreyada eng muhim qarorlarni harbiy rahbariyatning ishtirokisiz qabul qilish imkonsiz

Shimoliy Koreya dohiysi Kim Chen Irning o‘limi ortidan o‘ning o‘g‘li va merosxo‘ri Kim Chen In davlatni yakka o‘zi boshqarmaydi, balki qudratni o‘z tog‘asi Chan Sun Tuk va harbiy rahbarlar bilan bo‘lishadi. Bu haqida Reyter xabar tarqatgan.

Reyterning manbasiga ko‘ra, Shimoliy Koreyada harbiy to‘ntarish yuz berishining ehtimoli o‘ta oz. "Bunday bo‘lmasa kerak. Qurolli kuchlar allaqachon Kim Chen Inga sodiqliklarini aytib ont ichishdi", deb aytgan manba.

Mazkur manba Reyterga avvallari ham ishonchli axborotni yetkazib turgan. Jumladan 2006 yilda u Shimoliy Koreyada rejalangan yadroviy sinovlarning sanasi haqida aniq xabar uzatgan.

Xalqaro kuzatuvchilar, xususan Rossiya ekspertlari Shimoliy Koreya hukumatidagi qudrat bo‘linishi borasidagi ma‘lumotni ishonchli deb bilishadi, ammo xulosa chiqarishga shoshilishmayapti.

Kollektiv boshqaruv

Shimoliy Koreya diktaturadan kollektiv boshqaruvga o‘tishi borasidagi bashoratlar Kim Chen Ir hali hayotligida boshlangandi.

Mutaxassislarga ko‘ra, marhum dohiyning o‘g‘li, o‘z tog‘asiga solishtirganda, yetarli harbiy tajriba va avtoritetga ega emas. Uning tog‘asi uzoq yillardan beri partiya va xavfsizlik kuchlarida yuqori o‘rinlarni egallab keladi.

Moskvadagi Uzoq Sharq Institutining Koreya tadqiqotlari bo‘yicha markazi ilmiy xodimi Konstantin Asmolov Shimoliy Koreyada hokimiyat sharoitga qarab o‘zgarib borishini aytadi.

"Kollektiv boshqaruv amalda yuz beradimi, yoki faqat qog‘ozda qolib, aslida hokimiyatni bir hukmdor boshqaradami - bu tafsilotlar haqida yangi hukumat o‘zini namoyon qilganidan keyingina fikr yuritish mumkin bo‘ladi", dedi u.

"Mamlakatning yangi lideri yosh yigit, unda otasining ma‘muriy tajribasi yo‘q. U faqat bir yil davomida otasiga yordam bergan, biron shaxsiy loyihasi bilan tanilmagan, shunday ekan u qanday rahbar bo‘lishini bashorat qilish qiyin", deydi Konstantin Asmolov.

Tajribali qaynag‘a

Kim Chen Inning tog‘asi Chan Sun Tek 65 yoshda. U marhum dohiy Kim Chen Irning qaynag‘asidir.

Chan Sun Tek uzoq yillar davomida Shimoliy Koreyaning ishchi partiyasi ma‘muriy bo‘limini boshqargan, prokuratura, politsiya va tashqi razvedka xizmati faoliyatini nazorat qilgan, 2009 yilda esa oliy kengash, ya‘ni Milliy Mudofaa Komissiyasiga a‘zo bo‘lgan.

Chan Sun Tekni biladigan odamlar uni serg‘ayrat va ishbilarmon rahbar deb bilishadi.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, 2008 yil avgustida Kim Chen Irning miyasiga qon quyilishi ortidan Chan Sun Tek ma‘lum muddat davlat rahbari vazifasini o‘tagan va ba‘zi ekspertlar tomonidan dohiyning merosxo‘ri deya ko‘rila boshlagan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.