Rossiyaning namoyishchi faollari ozod qilindi

Image copyright Reuters
Image caption Navalny hukumat faollarni ta‘qib qilishi bilan namoyishchilar vajohatini yanada kuchaytirayotganini aytdi.

Rossiyada chorshanbaga o‘tar kechasi 15 kun avval aksilhukumat namoyishlarda hibsga olingan bloger Aleksey Navalny va "Birdamlik" harakatining liderlaridan biri Ilya Yashin ozod qilinganlar.

Faollarni Moskvaning turli qismlarida ozod qilishgan: Navalny Marinskiy park Ichki Ishlar Boshqarmasidan chiqarilgan.

Yarim tun bo‘lishiga qaramay Navalnyni o‘nlab tarafdorlari va jurnalistlar kutib olishgan. Bloger ozod etilishini namoyish qilgan bevosita translyatsiyani internetda bir necha ming odam tomosha qilgan.

Ilya Yashin Severnoye Tushino IIBsidan ozod qilingan. Uni ham blogerlar, jurnalistlar va muxolifat liderlaridan biri Boris Nemtsov kutib olishgan.

"Men qo‘rqmayman. Bu 15 kun ichida hech nimadan qo‘rqmasligimga yana amin bo‘ldim", dedi Navalny yig‘ilganlarga.

U bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini hali ham noqonuniy deb hisoblashini aytdi. Unga ko‘ra, amaldagi hukumatga qarshi muxolif harakat tobora kuchayib bormoqda.

"Biz bir mamlakatda qamoqqa tushib, boshqasidan chiqib keldik. Men o‘zimiz istagan maqsadga albatta erishamiz deb o‘ylayman", dedi Navalny. Unga ko‘ra, muxolifatchilarni hibsga olish bilan hukumat aksincha namoyishchilar vajohatini kuchaytirmoqda.

"Bizning qonuniy va mantiqiy talablarimiz qondirilmaguncha ko‘chalarga chiqishda davom etamiz. Biz partiyalarning ro‘yxatdan o‘tkazilishi, saylovlar hamma uchun ochiq bo‘lishi, soxtalashtirishlar yuz bergan uchastkalarda qayta saylovlar o‘tkazilishini talab qilamiz", dedi u.

Aleksey Navalny i Ilya Yashin 5 dekabrda Rossiya Dumasi saylovlaridagi ovozlar sanab bo‘linishi ortidan Chistye prudy hududidagi "Saylovlar - maynavozchilik!" shiori ostidagi namoyishda qo‘lga olingandilar.

Mazkur miting rasmiy ruxsat bilan o‘tgan, biroq politsiya namoyishchilarni Markaziy Saylov Qo‘mitasi va FSB qarorgohlari joylashgan Lubyanka mavzesi tomon yurishga shaylanganlarida hibsga ola boshlagan.

Ertasiga fuqarolik mahkamasi Navalny va Yashinga politsiyaga qarshilik ko‘rsatish aybi bilan 15 kunlik qamoq jazosini belgilagan va ikkovlon 10 dekabrda Bolotnaya maydonida 60 ming kishi ishtirokida o‘tgan namoyishda qatnasha olmaganlar.