O‘zbek ayoli "Gulsumoy ishi" MXX tomonidan uyushtirilganini da‘vo qildi

Image copyright you tube
Image caption Xurshida Jo‘raboyeva "Gulsumoy ishi" MXX tomonidan o‘ylab topilganini da‘vo qildi

O‘zbekistonlik 28 yoshli Xurshida Jo‘raboyeva Andijonda tergov paytida o‘z joniga qasd qilgani aytilgan Gulsumoy Abdujalilova aslida bo‘lmagani va u O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) tomonidan o‘ylab topilganini da‘vo qilgan.

Ammo, Xurshida Jo‘raboyeva bir necha kun avval BBC bilan suhbatda Gulsumoy Abdujalilova uning dugonasi bo‘lgani, ularni MXX bir necha bor so‘roq qilishgani aytgandi.

Xurshida Jo‘raboyevaga ko‘ra, Gulsumoy Abdujalilova unga tergov paytida O‘zbekistonda hujumlarni rejalashtirgani haqida iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majburlangani va o‘ziga yomon muomala qilinganini aytgan.

Xurshida Jo‘raboyeva, shuningdek, Gulsumoy Abdujalilova muhojirotdagi o‘zbek muxolifati liderini o‘ldirish so‘ralganidan so‘ng, o‘z joniga qasd qilganini da‘vo qilgandi.

Lekin, dushanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida Xurshida Jo‘raboyeva "bu yolg‘onni so‘zlashga" uni O‘zbekiston MXX xodimlari majburlaganini bildirgan.

Xurshidaning qo‘shimcha qilishicha, MXXning uch xodimi uni Angren shahridan uzoq bo‘lmagan bir ovloq joyda ikki oycha uy qamog‘ida saqlaganlar va o‘sha yerda unga to‘qib chiqarilgan Gulsumoy Abdujalilova hikoyasi hamda muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati (O‘XH) rahbari Muhammad Solihga qarshi suiqasd rejasini singdirganlar.

5-dekabrda O‘XH unga aloqadorlikda gumon qilinib, so‘roqqa tutilgan Gulsumoy Abdujalilova o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Biroq, mazkur xabar yuzasidan ilk shubhalar Olmoniyadagi ikki o‘zbek talabasi turli yangilik nashrlari bilan bog‘lanib, Gulsumoy Abdujalilovaga nisbat berilgan surat aslida ularniki ekanini ma‘lum qilishlari ortidan paydo bo‘ldi.

Talabalar ularning ijtimoiy tarmoq saytlarida chop etilgan suratlaridan nusxa ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin etganlar.

Ular BBC bilan bog‘lanishgach, BBCUzbek.com xabar tafsilotini yanada chuqurroq o‘rgana boshladi.

Xurshida Jo‘raboyeva hikoyasi va u ilgari surgan da‘volar juda chigal va bir-biriga ulab bo‘lmaydigan jihatlarning ko‘pligi bilan ajralib turadi.

Uning O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatiga da‘volari o‘ta jiddiy bo‘lgani sabab BBC MXX matbuot xizmatiga bog‘landi.

MXX Matbuot xizmati xodimi BBCning O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagani vajidan bu borada ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

BBC Xurshida Jo‘raboyevani suhbatga chorlab, avvaliga "Gulsumoy Abdujalilovani kim o‘ylab chiqardi?" - deb so‘radi.

Xurshida Jo‘raboyeva bilan suhbatni tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi