Frantsiyada sifatsiz sun‘iy siynalarni tekin olib tashlashga izn beriladi

Image copyright Reuters
Image caption Shifokor ezilib ketgan silikon implantni namoyish etmoqda

Frantsiya rasmiylariga ko‘ra, ko‘kragini kattalashtirish maqsadida tanasi ichiga silikon implant o‘rnatgan 30 ming ayol sun‘iy siynalarni bepul oldirib tashlashlariga ruxsat beriladi.

Frantsiya jamiyatida PIP(Poly Implant Prothese) shirkati ayollarning ko‘kragi ichiga o‘rnatgan silikon materiali buzilishi oqibatida xotin-qizlarning sog‘lig‘iga zarar keltirishi mumkinligi borasidagi xavotirlar ortib bormoqda.

Jahon bo‘ylab siynasini sun‘iy kattalashtirgan 300 ming ayol bor deb ko‘riladi.

BBC muxbiri Xyuj Shofildning yozishicha, Frantsiya janubida joylashgan Poly Implant Prothese shirkati xotin-qizlar uchun ko‘krak silikon implanti ishlab chiqaradigan jahondagi eng yirik shirkatlardan biri va shirkat o‘z mahsulotlarining 80 foizini xorijiy mamlakatlarga sotgan.

Buning ma‘nosi shuki, Frantsiyadagi 30 ming xotin-qiz salomatligi borasida xavotirlar bildirilayotgan bir paytda ayni shu muammo dunyoning boshqa ko‘p mamlakatlarida ham mavjud bo‘lishi mumkin.

Ma‘lum bo‘lishicha, PIP mahsulotlarini Britaniya, Ispantsiya, Portugaliya, Italiya, Ukraina va Chili import qilgan.

Shu kunlarda Frantsiyadagi Xotin-qizlarni birlashtirgan tashkilot vakillari sun‘iy siynalar sotib olingan mamlakatlar va frantsuz shirkatining bu mamlakatlardagi bo‘limlari bilan bog‘lanib vaziyatni aniqlashtirishga urinmoqda.

Frantsiya xotin-qizlari assotsiatsiyasidan BBCga ma‘lum qilishlaricha, mamlakat hukumati Poly Implant Prothese silikon implantlarini o‘rnatgan ayollar ularni olib tashlashlari lozimligi haqidagi maslahatni e‘lon qiladi va bu amaliyot xarajati qoplanadi.

Frantsiyada yuzlab ayollar sun‘iy siynalar noqulaylik tug‘dirayotgani, silikon materiali erib ketganidan shikoyat qilganlar.

O‘tgan oy silikon siyna o‘rnatgan bir ayol ko‘krak saratonidan vafot etgani, yana yetti ayolga saraton tashxisi qo‘yilgani Frantsiya jamiyatida vahimani keltirib chiqargan.

Biroq rasmiylarga ko‘ra, ko‘krak saratonining silikonga bog‘liqligi isboti aniqlanmagan, implantlarni olib tashlash haqidagi ayollarga maslahat esa ehtiyot chorasidir.