Bog‘dodni titratgan bomba hujumi oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lgan

Image copyright AP
Image caption Bomba hujumlari bir vaqtning o‘zida shaharning 13 joyida sodir etilgan

Payshanba tongida Iroq poytaxti Bog‘dodda sodir etilgan qator bomba hujumlari oqibatida kamida 57 kishi halok bo‘lgan, 170 kishi yaralangan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, hujumlar bir vaqtning o‘zida shaharning turli 13 joyida amalga oshirilgan. Qurbonlarning aksari Halayi va Karrada tumanlarida halok bo‘lganlari xabar qilingan.

Bu portlashlar oxirgi Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan keyingi eng qonli hujumlar bo‘lgan.

Iroqda Saddam Husayn ag‘darilgan dastlabki yillarga nisbatan bomba hujumlari sezilarli darajada kamaygan bo‘lsada, zo‘ravonliklar hali ham tez-tez sodir bo‘ladi.

Bunday hodisalar mamlakatdagi diniy qarama-qarshiliklar va hukumatdagi ichki kelishmovchiliklarni kuchaytiradi, xolos.

Jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan hujumlar

Hozircha portlashlar ortida kim turgani noma‘lum.

Rasmiylarning aytishicha, hujumlarga jiddiy tayyorlanib, aniq mo‘ljalga olingan.

Politsiyaning habariga ko‘ra, Halayi tumanidagi portlash kamida to‘rt insonning hayotiga zomin bo‘lgan.

Karradadagi bolalar bog‘chasi tarbiyachisi Rag‘ad Xolidning aytishicha, portlash zarbidan bino oynalarining barchasi to‘kilib ketgan.

" Bolalar kuchli qo‘rquv natijasida yig‘lay boshlashdi. Portlatilgan mashina bo‘laklari bolalar bog‘chasi maydoniga kelib tushdi",- deydi tarbiyachi.

Karrada tumaniga tez yordam mashinalari yetib borgan.

Um Xanin ismli ayol qizining shisha siniqlari ostida qolganini aytadi. " Qizim qo‘shni xonada yashirinib o‘tiribdi, chiqishga qo‘rqadi. Hamma mamlakatlarda tinchlik. Nega bizda na xavfsizlik, na barqarorlik bor?", - deb aytgan Um Xanin.

Tarqalish xavfi

Bir yil oldin tuzilgan Iroq koalitsion hukumatining tarqalib ketish havfi yuzaga kelgan.

Hukumat bosh vazir o‘rinbosari Tariq Hoshimiyni terrorizmda ayblab, hibsga olishga buyruq bergan.

Mamlakat parlamentidagi "Al-Iroqiya" sunniylar fraktsiyasi a‘zosi bosh vazir Nuri al-Malikiyni hukumatni monopoliya qilishda ayblamoqda va parlament majlisida ishtirok etishdan voz kechishgan.

Hoshimiy o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olmagan.

Hozirda u Kurdistonning Irbil shahrida mahalliy hukumat himoyasida qolmoqda.

Bosh vazir Nuri Maliki kurd rasmiylaridan Hoshimiyni hukumatga topshirishni talab qilgan.