Jon Terri irqchilikda ayblanib mahkamaga tortilmoqda

Image copyright PA
Image caption Jon Terri Anton Ferdinandga qarshi irqchi so‘zlarni ishlatganini rad qiladi

Angliya futbol jamoasining sardori Jon Terri Premьer Liga o‘yini chog‘ida futbolchi Anton Ferdinandga qarshi irqchi so‘zni ishlatgani uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Terri Kuins Park Renjersning 26 yoshli o‘yinchisiga qarshi 23 oktyabrda bo‘lib o‘tgan o‘yinda irqiy haqoratomuz so‘zlarni ishlatgani da‘vo qilinadi.

Bosh prokuratura janob Terri irqchilik asosida jamoatchilik tartibini buzishda ayblanishini bildirdi.

31 yoshli Terri ayblovga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashishini bildirgan.

"Adolatli mahkama"

Politsiya o‘tgan noyabrda Chelsi jamoasi sardorini so‘roq qilgan va dekabr oyida ishni prokuraturaga oshirgan.

London bosh prokurori Alison Sonders bugun Metropolitan politsiyasiga Jon Terri irqchilik asosidagi jamoatchilik tartibini buzish aybi bilan mahkamaga tortilishini tavsiya qilganini aytdi.

"Dalil-isbotlar ehtiyotkorlik bilan ko‘rib chiqilishi ortidan men jinoiy javobgarlik uchun yetarli dalillar bor va u jamoatchilik manfaatida deb o‘ylayman", dedi Sonders xonim.

"U jinoiy javobgarlikka tortilgani borasida ogoh qilindi va adolatli mahkamaga haqlidir", deya qo‘shimcha qildi u.

Jon Terrini mahkamaga tortish qarori politsiyaga bir fuqarodan shikoyat kelib tushishi ortidan qabul qilingan.

Janob Ferdinandning o‘zi bu ish bo‘yicha "juda kuchli" hissiyotlari borligini bildirgan.

Jon Terri esa hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi.

"Menga ayblov e‘lon qilish qaroridan hafsalam pir bo‘ldi va imkonqadar tez orada aybim yo‘qligini isbotlashga imkoniyat beriladi deb umid qilaman", dedi u.

"Men hech qachon hech kimga irqchi so‘zni aytmaganman va barcha irqlar va har qanday qatlam odamlarini o‘zimning eng yaqin do‘stlarim orasida ko‘raman", deya qo‘shimcha qildi u. Janob Terri, shuningdek, o‘z aybsizligini isbotlash uchun tish-tirnog‘i bilan kurashishini bildirdi.