Xitoylik dissident adib onlayn maqolalari uchun 9 yilga qamaldi

Image copyright Boxun
Image caption Chen Vey doim faqat o‘z nuqtai-nazarini ifoda etganini aytib kelgan

Xitoylik yozuvchi va inson huquqlari himoyachisi Chen Vey davlat qudratiga putur yetkazish ayblovi bilan 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

U shu yil boshida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlaridagi hodisalarga bag‘ishlab Internetda bir necha maqola e‘lon qilganidan keyin hibsga olingan.

Bu maqolalarda xitoyliklarni ham "Arab bahori"dan ruhlanib, norozilik namoyishlarini tashkil etishga chaqiriq yangragan.

Chen Vey advokatiga ko‘ra, taniqli adib so‘z erkinligiga da‘vat etgan va Xitoydagi bir partiyali tizimni isloh qilishga chaqirgan, Xitoyda fuqarolik jamiyati faollashib borayotganini olqishlagan.

Xitoy janubi-g‘arbidagi Suining shahri mahkamasi qaroriga ko‘ra, Chen Vey "davlat hokimiyatini ag‘darishga chaqiriq" bandi bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Chen Vey rafiqasi Vang Siyaoanning BBCga aytishicha, u erini fevral oyidan buyon bugun birinchi marta ko‘rgan, u ozib va qarib ketgandek ko‘ringan.

Mahkama yopiq eshiklar ortida o‘tgan va atigi 2 soat davom etgan, keyin yarim soat davomida hukm o‘qib eshittirilgan.

Mahkamada Chen Vey himoyachisi, u faqat Xitoy konstitutsiyasi bo‘yicha ruxsat berilgan o‘z nuqtai nazarini ifoda etgan, deb aytgan.

Biroq mahkamada faol va uning himoyachisi so‘zlarini bo‘lib tashlashgan, gapirgani qo‘yishmagan. Chen Vey o‘ziga qo‘yilgan aybni rad etgan.

U "diktatura qulaydi, demokratiya g‘alaba qiladi", deya qichqirgan.

Ushbu mahkama qarorini qoralagan birinchi kishi Chen Veyning rafiqasi Vang Siyaoan bo‘ldi.

U bu mahkamani "spektakl tomosha" deb atagan. Uning fikricha, mahkama hukmi oldindan tayyorlab qo‘yilgan.

"U aybdor emas, bu judayam qattiq jazo, unga o‘zini himoya qilishga imkon bermadilar", deb aytgan Vang xonim.

Qarorgohi Xongkonda joylashgan Xitoy Inson huquqlari himoyachilari tashkilotiga Chen Vey ustidan hukm Xitoyda shu yil davomida kuzatilgan eng qattiq hukm bo‘lgan, shu yil davomida o‘zgacha fikrlovchilarga bosim maqsadida yuztacha xitoylik faol hibsga olingani xabar qilinadi.

Shu yil aprelida taniqli rassom Ay Vey Vey ham hibsga olingan va soliq to‘lashdan voz kechishda aybdor deb topilgan, lekin qo‘yib yuborilgan edi. Ammo tanqidchilar Ay Vey Veyga ham Xitoy hukumatiga nisbatan tanqidiy chiqishlari uchun ta‘qib olinganini aytishadi.

42 yoshli Chen Vey Xitoydagi ziyolilar orasida eng hurmatga sazovor namoyandalardan biri deb ko‘riladi.

U hali 20 yashar talab bo‘lganida Pekinning Tyananmen maydonidagi namoyishlardagi ishtiroki uchun ozodlikdan mahrum etilgan, 1994 yilda ham mahkama Chen Veyni "aksilinqilob targ‘ibot va qo‘poruvchilik"da ayblab 5 yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.

U doim Xitoy kommunistik tizimining ashaddiy tanqidchisi bo‘lib kelgan.