Suriyada frantsuz jurnalisti halok bo‘lgan

Image copyright Reuters
Image caption Jil Jake arab bahorini yaqindan yoritgan, xususan Liviyadan xabarlar uzatgan jurnalistdir

Frantsiyalik telejurnalist Jil Jake Suriyaning Homs shahrida halok bo‘lgan. U Suriyada davom etayotgan notinchliklarda nobud bo‘lgan ilk g‘arblik jurnalistdir.

France 2 kanali xabar qilishicha, u Suriya hukumati tomonidan tashkil qilingan safar doirasida Homsda ishlayotgan bo‘lgan.

Suriya televideniyesi Jak'e nobud bo‘lgan sakkiz kishining orasida bo‘lganini bildirdi. Uning hamkasbi hodisadan bir necha daqiqa avval ular hukumatparast yig‘in ishtirokchilarini intervyu qilganlarini aytdi.

Muxolifat guruhlari chorshanbaning o‘zida 24 kishi halok bo‘lgani, xususan Homsda 10 kishi o‘lganini ma‘lum qilganlar.

Frantsiya Tashqi Ishlar Vaziri Alan Juppe hodisaning to‘la tergov qilinishiga chaqirdi.

"Biz bu jirkanch amalni qattiq qoralaymiz", dedi u o‘z bayonotida.

Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha kotibi Katrin Ashton ham tergov o‘tkazilishiga chaqirdi.

"Suriya hukumati o‘z mamlakatida jurnalistlarning xavfsizligini ta‘minlash mas‘uliyatiga ega", dedi u.

Prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi namoyishlar 2011 yil mart oyida boshlanganidan beri, BMTga ko‘ra, 5 ming odam halok bo‘lgan. Hukumat 2 ming askari o‘lgani va "qurolli guruhlar va terrorchilar"ga qarshi kurashayotganini aytadi.

Chet ellik jurnalistlarning Suriyaga kirishi keskin cheklangan, shunday ekan ma‘lumotlarni mustaqil tarzda tasdiqlashning imkoni deyarli yo‘q.

Dekabr oyida Arab Ligasi kuzatuvchilari tinchlik rejasi qanday amalga oshirilayotganini tekshirish uchun kelishganiga qaramay, qotilliklar davom etmoqda.

Hafta boshida kuzatuvchilar hujumga uchrashi ortidan Arab Ligasi Suriyaga ko‘proq kuzatuvchilarni yuborishni kechiktirayotganini bildirgan.

Latakiya port shahrida yuz bergan hujumda 11 nafar kuzatuvchi biroz jarohat olgan.

Ayni damda Qatarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton va Bosh Vazir Shayx Hamad Yassim al-Tani kuzatuvchilar missiyasi naqadar samarali bo‘layotganidan shubha bildirdilar.

"Ochig‘ini aytsam, shu kungacha bu missiya muvaffaqiyatli bo‘lmadi", dedi janob al-Tani.