"Vladimir Putin London 2012 Olimpiadasiga hush qarshi olinmaydi"

Image copyright AP
Image caption Sergey Magnitskiy hibsga olinganda yuqori darajali rasmiylar orasidagi korruptsiyani fosh qilish yo‘lida ishlayotgan bo‘lgan

Britaniya parlamentida Rossiyadagi inson huquqlari vaziyati va ikki yil avval Moskva politsiyasi idorasida vafot etgan huquqshunos Sergey Magnitskiyning ishi bo‘yicha o‘tgan majlisda britaniyalik deputat Denis Maksheyn Rossiya bosh vazirini qattiq tanqid qildi.

Muxolifatdagi Leyboristlar partiyasining a‘zosi janob Maksheyn Britaniya hukumatidan Vladimir Putinga aniq ishora berishni talab qildi, u ham bo‘lsa agar Rossiya o‘zidagi inson haqlari vaziyatini yaxshilamas ekan, Putin Londonda 2010 yil yozida bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada hush qarshi olinmaydi.

Toni Bleyrning hukumatida xizmat qilgan sobiq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Denis Maksheyn o‘z bayonoti Rossiya sportchilari va sayyohlariga qaratilmaganini urg‘uladi.

"1980-yillarda Tetcher xonim Buyuk Britaniyaning Moskva Olimpiadasida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymagan. Agar, bugungi bosh vazirimiz Devid Kameron ham Temir xonimdan o‘rnak olmoqchi bo‘lsa, u janob Putinga "yo‘q" deyishi kerak bo‘ladi", dedi janob Maksheyn.

Leyborist deputat Buyuk Britaniya hukumatini "Magnitskiy ro‘yxati" deya hujjatga kiritilgan Rossiya mulozimlariga qarshi cheklovlarga qo‘shilishga chaqirdi. Bu ro‘yxatdagi rasmiylarning AQSh va qator Ovro‘po davlatlariga kirishlari taqiqlangan.

Majlis chog‘ida Maksheynni qator boshqa parlament a‘zolari, xususan iqtidordagi konservatorlar va liberal-demokratlar koalitsiyasi a‘zolari qo‘llab-quvvatlashdi.

Moskvada Britaniyaning Hermitage Capital shirkatiga ishlagan huquqshunos Sergey Magnitskiyning o‘limiga aloqador deya gumon qilingan qator shaxslar Britaniyaga to‘siqlarsiz safar qilganlari qayd qilingan.

Britaniya tashqi ishlar vazirligining yuqori darajali mulozimi Genri Bellingem o‘z hukumati Magnitskiyning o‘limi ochiq va shaffof holda tergov qilinishini talab qilayotganini bildirdi.

"Lekin, Magnitskiy ishi yagona ish emas. Har yili Rossiyadagi izolyatorlarda 50-60 odam o‘ladi. Ular qanday sharoitlarda vafot etganlari tekshirilishi kerak", dedi u.

U, shuningdek, Buyuk Britaniya Rossiyadan chechen huquq faoli Natalya Estemirova va jurnalist Anna Politkovskayalarning o‘limi borasida ham to‘liq va odilona tergov o‘tkazilishini talab qilayotganini aytdi.