Rossiya bilan Ukraina pishloq ustidan tortishib qolishdi

Image caption Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Ukraina pishlog‘ining sifati past...

Moskva Ukrainadan import qilingan pishloq sifatini tanqid qilganidan so‘ng ikki o‘rtada diplomatik mojaro kelib chiqdi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Ukrainadan keltiriladigan pishloq mamlakatdagi oziq-ovqat sifati standartlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Ukraina ushbu izhorot ortidan Moskvaning uzr so‘rashini talab qilmoqda.

Pishloq ustidan tortishuv Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar shundoq ham sovuqlashgan davrda ro‘y bermoqda.

BBCning Moskvadagi muxbiriga ko‘ra, Rossiya rasmiylarining qo‘shni davlatlar bilan diplomatik mojarolarga ishtahasi hech so‘nmaydigan ko‘rinadi.

Bir necha yil avval Gurjiston vinosi va mineral suvi importiga "zararlangan", deya taqiq qo‘yilganidan so‘ng ikki o‘rtada munosabatlar yanada sovuqlashgandi.

Moldova bilan siyosiy aloqalar taranglashgan vaqti birdaniga moldova vinosi ham "zararlangan" bo‘lib chiqdi va taqiqlandi.

Endi Ukraina pishlog‘ining taqdiri shunday bo‘ladigan ko‘rinadi.

Rossiya oziq-ovqat sanitariya boshqarmasi rasmiysiga ko‘ra, pishloq tarkibida palma yog‘i nisbati haddan tashqari ko‘pmish.

Taxminlarga ko‘ra, Rossiya rasmiylarining bu qadamiga Ukrainaning Rossiyadan kamroq gaz sotib olish haqidagi izhorotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina Tashqi Ishlar vazirligi rasmiysining aytishicha, ikki o‘rtadagi munosabatlarni oziq-ovqat sifati tekshiruvchilari emas diplomatlar yuritishlari kerakdir.