Tatar politsiyasi O‘zbekiston fuqarosini otib o‘ldirgan

Image caption Tatarston IIV Boshqarmasi Yusupovni o‘ta jiddiy jinoyatchi deya qidiruvga e‘lon qilgandi

Tatarston Ichki Ishlar Vazirligi Boshqarmasi o‘z internet sahifasida xabar qilishicha, 12 yanvarda ayoli bilan qidiruvga e‘lon qilingan o‘zbekistonlik Rustam Yusupov Qozon shahrida qo‘lga olinayotganda o‘ldirilgan.

Boshqarma xabariga ko‘ra, 38 yoshli Yusupov Qozon shahrini Ximiki ko‘chasidagi xonadonlardan birida topilgan.

"Qo‘lga olish chog‘ida u pichoq bilan ichki ishlar boshqarmasining tergov bo‘limi xodimiga tashlandi. Politsiyachi bir necha jarohat olgan va qurol ishlatishga majbur bo‘lgan. Yusupov voqea joyida jon bergan, politsiyachi kasalxonaga yotqizilgan", - deyiladi rasmiy xabarda.

Uning rafiqasi, Nijnekamsk shahrida tug‘ilgan Leniza Yusupova hibsga olingan. Oxirgi paytda Qozonda yashab kelgan bu juftlik aniq nimalarda gumon qilinayotganini IIV oshkor qilmayapti.

Lekin, norasmiy xabarlarda er-xotin ekstremistik tashkilotlarga a‘zo bo‘lgan bo‘lishi mumkin deyiladi.

Yusupov otib o‘ldirilishidan biroz avval ikkovlon Tatarston IIV Boshqarmasi saytida "og‘ir jinoyatlar"ni amalga oshirishda ayblanib qidiruvga e‘lon qilingan.

Sahifada kalta soqolli erkak va hijob o‘ragan yosh ayolning suratlari chop qilingan. Ularning to‘rt yoshli qizi va bir yoshli o‘g‘li ham borligi aytilgan.

"Interfaks" xabar agentligining huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga binoan, juftlik ekstremistik faoliyatga aloqadorlikda gumon qilingan. "Ular Rossiya Federatsiyasi hududida man qilingan Xizbu-Tahrir ekstremistik tashkilotiga a‘zo bo‘lgani ehtimoldan holi emas", - deb aytgan manba.

Manba ma‘lumotiga ko‘ra, Rustam va Leniza Yusupovlar 10 yanvar kuni Tatarstonning Vysokogorskiy tumanidagi Memdel qishlog‘ida bir xususiy uyning yonib ketishi bilan bog‘liqlikda qidiruvga e‘lon qilingan.

"Yong‘in o‘chirilganda uydan portlovchi jihozlar topilgan. Hech kim jarohat olmagan. Bu faktga asoslanib jinoiy ish ochilgan", - deb qo‘shimcha qilgan manba.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari ayni qishloqda yana bir uy minalangani borasida xabar tarqatganlar.

"O‘z jinoyatini yopish"

Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muxojirlari huquqlari himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi "Memorial" markazi faoli Bahrom Hamroyev Rustam Yusupovning ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanganiga ishonmasligini aytadi.

BBC bilan suhbatda Hamroyev ayni ish bo‘yicha xolisona tergov o‘tkazilishiga chaqirdi, va Rossiya huquq-tartibot idoralarini "uni otib o‘ldirganlaridan keyin o‘z jinoyatlarini yopish" uchun Yusupov borasida ayblarni to‘qib chiqarishda aybladi.

Hamroyev Rustam Yusupovning Tatarstondagi o‘zbek safdoshlari va yaqinlari bilan telefon orqali bog‘langani va ular Yusupovning jinoiy faoliyatga aloqadorligini butkul rad etishganini bildirdi.

"Oddiy o‘zbek. O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya otib o‘ldirsa yo terrorist deb atasa, O‘zbekiston hukumati bu fuqaro uchun hech qayg‘urmaydi, bu aniq. Buni Rossiya hukumati yaxshi biladi. Bemalol, har qanday o‘zbekni bugun otib o‘ldirib, "terrorist" yo "jinoyatchi" deyishi mumkin", - deydi Bahrom Hamroyev.

Lekin, ayni damda faol o‘zbekistonlik musulmonlar uchun Rossiya, xususan Tatarston va Shimoliy Qofqoz respublikalarida O‘zbekistondagiga qaraganda diniy erkinliklar ko‘proq ekanini urg‘ulaydi.