Bishkekdagi hibsxonada g‘alayon yuz bergan: "jarohat olganlar ko‘p"

Image copyright AFP
Image caption Qirg‘izistonlik mahbuslar ma‘muriyatning munosabatidan norozilar

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi SIZO-1 hibsxonasi mahbuslari qo‘zg‘olon ko‘tarishi oqibatida to‘rtta xodim jarohat olgan. Bu haqida Jazoni o‘tash bo‘yicha davlat xizmati raisi Sheyshenbek Bayzakov xabar qildi.

Avvalroq mahbuslar jarohat olganlar ichida g‘alayon ishtirokchilari ham bo‘lganini aytishgandi.

Qirg‘iziston ombudsmeni Tursunbek Aqun halok bo‘lganlar haqida ma‘lumotga ega emasligi, lekin mahbuslar orasida haqiqatdan ham "yaralanganlar ko‘p" ekanini bildirdi.

U yaralanganlarning bir qismi o‘z tomirlarini kesganlari va qorinlariga pichoq urganlarini, boshqalar esa g‘alayonni bostirish uchun olib kelingan maxsus kuchlar bilan to‘qnashuvda jarohat olganlarini aytdi.

Bir versiyaga binoan, qo‘zg‘olonga hibsxona xodimlarining "man qilingan jihozlar"ni izlab qilgan tintuvi sabab bo‘lgan. Ayni damda, rasmiylar bu tintuv avvaldan rejalangan bo‘lganini aytishmoqda.

Boshqa versiyaga ko‘ra esa, qo‘zg‘olon bir obro‘li mahbusning o‘zga jazoni o‘tash muassasasiga o‘tkazilgani sabab bo‘lgan.

SIZO-1 Bishkekning deyarli qoq markazida - Jukeyev-Pudovkin va Gorьkiy ko‘chalari chorrahasida joylashgan. Kun yarmida avj olgan maxsus kuchlar amaliyoti tufayli markaziy yo‘llarda tirbandlik yuzaga kelgan.

Tartibsizliklar boshlanganda hibsxonaga yetib kelgan mahbuslar yaqinlari ham hibsga olingani xabar qilinadi.

Qirg‘izistonning bir necha qamoqxonalari va hibsxonalarida SIZO-1dagi safdoshlariga xayrixohlik bildirib norozilik amallari boshlangani aytiladi. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, ular ochlik e‘lon qilishgan.

Jazoni o‘tash bo‘yicha davlat xizmati rahbariyati bu ma‘lumotni na rad etmoqda, na tasdiqlamoqda.

Qo‘zg‘olonlar tarixi

Qirg‘iziston koloniyalarida qo‘zg‘olonlar bot-bot yuz berib turadi: odatda mahbuslar yoppasiga ochlik e‘lon qiladilar. Inson haqlari faollari ko‘p hollarda bu noroziliklarga "mahbuslar saqlanuvchi og‘ir sharoitlar" sabab bo‘lishini aytadilar.

Taniqli qirg‘iz huquqboni Aziza Abdirasulovaning fikricha, Qirg‘izistonning jazolash tizimini isloh qilish vaqti allaqachon yetib kelgan, hamda mahbuslarga munosabatni o‘zgartirish lozim.

"Odamlar faqat ozodlikdan mahrum qilinganlar, huquqlaridan emas. Mana, masalan, biz kabi erkinlikda bo‘lgan odamlar uchun tish pastasi hech narsani anglatmaydi. Mahbus uchun esa bu bir dunyo boylik. Tasavvur qiling, tintuv paytida qo‘pollik bilan uning shaxsiy jihozlari ostin-ustun qilinsa, u o‘zini qanday his qiladi?" - deydi huquqbon.

Qirg‘iz qamoqxonalaridagi eng jiddiy g‘alayonlar 2005-yilda bo‘lib o‘tgan. Unda Moldovanovka qishlog‘idagi 31-sonli koloniya mahbuslari tekshiruv uchun kelgan parlament komissiyasi a‘zolariga tashlanishgan.

Hodisada bir necha kishi, xususan parlament deputati Tinichbek Akmatbayev halok bo‘lgan. Qirg‘iziston ijroni o‘tash bo‘yicha davlat xizmatining bosh boshqarmasi rahbari Ikmatulla Polotov og‘ir jarohat olgandi.