"Kosta Konkordiyaning cho‘kishida kapitan aybdor" - kema shirkati

Image copyright AFP
Image caption Qutqaruvchilar kemaning suvga g‘arq bo‘lgan qismlarida odamlarni qidirishda davom etishmoqda

Juma kuni Italiya g‘arbiy qirg‘oqlarida toshga urilib cho‘kkan kruiz kemasini boshqaruvchi shirkat kema kapitani "xato qilgan" bo‘lishi mumkin deb aytgan.

Kosta Krochiyere shirkati chiqargan bayonotda, kapitan quruqlikka haddan tashqari yaqin harakat qilgani va shirkatning favqulodda vaziyatlar uchun o‘rnatilgan qoidalariga rioya qilmagani aytiladi.

Kapitan Franchesko Shettino qotillikda ayblanmoqda, lekin u buni rad qiladi.

Fojeada kamida olti kishi o‘lgan va 15 kishi hali ham topilmagan. Qutqaruvchilar omon qolganlarni topishga urinishmoqda.

"Aftidan kapitan xatolarga yo‘l qo‘ygan va bu jiddiy oqibatlarga yetaklagan", deyiladi Kosta Krochiyere bayonotida.

Kosta Konkordiya kemasi Toskana hududidagi Jilio oroli qirg‘oqlaridan bir necha metr uzoqlikda bir yoniga ag‘anib yotibdi.

Kapitan Shettino qotillikda gumon qilinib hibsga olingan. Bosh prokuror kema "katta ehtiyotsizlik bilan Jilioga yaqin kelgan"ini aytgan.

Lekin, Kapitan Shettino o‘zini himoya qila turib, kema urilgan toshlar dengiz xaritasiga kiritilmagan bo‘lganini bildirgan.

"Ostimizda chuqur suv bo‘lishi kerak edi. Biz toshlardan kamida 300 metr uzoqda edik. Hech nimaga urilmasligimiz kerak edi", - deb aytdi u Italiya televideniyesiga gapira turib.

U, shuningdek, prokurorlarning kapitan yo‘lovchilar evakuatsiyasi tugamay turib kemani tark etgan degan da‘vosini rad qildi. "Biz hammadan keyin kemani tark etdik", - dedi u.

Talafot soni

Dushanba tongida qutqaruvchilar kema dahlizida egnida qutqaruv kamzuli bo‘lgan erkak kishining jasadini topganlar.

Yakshanba kuni qutqaruv guruhi Kosta Konkordiyaning qisman suvga g‘arq bo‘lgan qismida ikki yoshi katta erkak kishining jasadlarini topishgan.

Jasadlar shaxsi aniqlanishi uchun quruqlikka olib ketilgan.

4200 kishini olib ketayotgan kema O‘rta Yer dengizi bo‘ylab chiqqan sayohatining birinchi tunida cho‘kkan.

Qutqaruv guruhlari kemadagi yuzlab yotoqxonalarni birma-bir tekshirishga urinar ekanlar, yomon ob-havo ularning ishini qiyinlashtirmoqda.

Image copyright AP
Image caption Kapitan Franchesko Shettino kema cho‘kishiga aybdor emasligini da‘vo qildi

"Biz kemadagi bir kabinadan ikkinchisiga yurib, hayot alomatlarini ilg‘ashga urinayapmiz, masalan odamlarning qichqirishlari yoki qandaydir shovqin ilg‘ash uchun", - dedi Italiya Ichki Ishlar Vazirligi voizi Franchesko Paulo Tronka.

"Bu juda qiyin amaliyot. Gap ko‘p qavatli kemadagi yuzlab kabinalar haqida ketmoqda", - dedi u.

Yakshanba kuni kemadan uch omon qolgan yo‘lovchi qutqarib olingan. Suv ustida ishlayotgan guruh esa oyog‘i qattiq lat yegan kema xodimini qutqarib oldi.

Undan biroz avval asal oyiga chiqqan koreyalik juftlik qamalib qolgan kabinalaridan ozod qilinganlar. Ular jarohat olmaganlar, lekin qattiq larzaga kelganlar.

Jon saqlash uchun suzganlar

Shanba kuni rasmiylar ikki frantsiyalik yo‘lovchi va bir perulik xodim nobud bo‘lgani va 30 kishi jarohat olganini bildirishgan.

Kemadagi 3200 yo‘lovchi ichida Italiya, Frantsiya, Olmoniya, Britaniya va Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan. Unda, shuningdek, bir ming nafar xodim ishlagan.

Kosta Krochiyerening prezidenti Jianni Onorato o‘z shirkati mazkur fojeaning sabablarini aniqlash uchun "Italiya hukumati bilan to‘la shaffoflikda hamkorlik" qilishini aytgan.

Janob Onorato kema o‘ta tez suratlarda yoniga ag‘anagani uchun odatiy evakuatsiya amali "deyarli imkonsiz" bo‘lganini bildirdi. Ba‘zi yo‘lovchilar Jilio oroligacha suzishga majbur bo‘lganlar.

Omon qolganlar parom kemasida Jiliodan 25 chaqirim uzoqlikdagi Porta San Stefano shahriga olib borilganlar.

Kemada bo‘lgan yo‘lovchilar hodisa vaqtida vahima va tartibsizlik yuzaga kelgani, hamda kema xodimlari hodisadan avval yo‘lovchilarga qutqaruv jarayonini tushuntirmaganlarini aytishdi.