Qozog‘istonda yana ikkita partiya parlament o‘rinlarini qo‘lga kiritdi

Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan saylovlar dastlabgi natijalariga ko‘ra, ikkita yangi partiya ilk bor parlamentdan o‘rin olishga muvaffaq bo‘lgan.

Iqtidordagi "Nur Otan" partiyasi esa, kutilganidek aksariyat ovozlarni qo‘lga kiritgan.

Prezident Nursulton Nazarboyev rahbarligidagi ushbu partiya 2007 yilgi saylovlarda parlament quyi palatasidagi 107 o‘rinning hammasini egallagandi.

"Aq Jol" va Kommunistlar partiyalari to‘plagan ovozlar esa, 7% ortiqni tashkil etgan.

Parlamentda biron bir o‘rinni egallash uchun kamida 7 foiz ovozni qo‘lga kiritish talab qilinadi.

Rasmiylar saylovlar adolatli o‘tganini aytishadi, ammo muxolif kuzatuvchilar keng miqyosda noqonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini da‘vo qiladilar.

Xalqaro kuzatuvchilar ham Qozog‘iston parlament saylovlari demokratiya andazalariga muvofiq o‘tmaganini aytishgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ko‘ra, ovoz berish jarayoni qattiq nazorat muhitida o‘tgan.

Saylovlarni aslida shu yilning avgustida o‘tkazish rejalangan edi.

Ammo, Prezident Nazarboyev o‘tgan yil noyabrida parlamentni tarqatib yuborgan va muddatidan ilgari saylovlarni e‘lon qilgan.

Rasman "Millat rahnamosi" maqomi berilgan janob Nazarboyev o‘tgan yil aprelida 95 yarim ovoz bilan yana bir muddatga prezidentlikka saylangan.

71 yoshli Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni sovet davridan buyon boshqarib keladi.

Uning boshqaruvi siyosiy barqarorlik va iqtisodiy isloxotlar uchun olqishlangan, ammo yakkahokimligi uchun tanqid qilinadi.

Kutilgan natijalar

Hozirgacha ma‘lum natijalarga ko‘ra, iqtidordagi "Nur Otan" partiyasi to‘plagan ovozlar 80 foizni tashkil etgan.

BBCning Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Rayhon Demitri partiyaning g‘alabasi kutilmagan hodisa emasligini aytadi.

Saylovda ishtirok etgan to‘rtta partiya parlamentdan o‘rin olish uchun lozim bo‘lgan ovozlarni qo‘lga kirita olmagan.

Parlamentga kiradigan ikkita partiya esa, keng miqyosda hukumat dastagiga ega.

Ovoz berish jarayonlari o‘tgan oy Janao‘zenda sodir bo‘lgan tartibsizliklar manzarasida o‘tgan.

Ish tashlagan neftchilar bilan politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 16 inson halok bo‘lgan.

Janao‘zendagi komendantlik soati yanvar oyi oxirigacha uzaytirilgan.

Prezident Nazarboyev mamlakat Konstitutsiyaviy Kengashining Janao‘zenda saylovlarni bekor qilish haqidagi qaroriga veto qo‘ygandi

Markaziy Saylov Komissiyasi Janao‘zenga kuzatuvchilarning qo‘yilishini aytgan.

Avvalroq muxolifat nashri bo‘lgan "Golos Respubliki" ro‘znomasi muxbirlarining Janao‘zenga qo‘yilmagani haqida xabarlar olingan, ammo keyinroq jurnalistlarning o‘zlari shahar komendantiga murojaatlaridan so‘ng ruxsat berilganini aytishgan.