BBC mehmoni - iste‘dodli san‘atkor Botir Qodirovga savol yo‘llang

Image copyright none

Taniqli xonanda Botir Qodirov 1981 yil, 6 mayda Andijon shahrida tug‘ilgan.

Botir Qodirov ijrosidagi "Adashdim", "Diydor uchun", "Ey odam", "Keldi bahor" kabi o‘nlab qo‘shiqlar muxlislar qalbidan chuqur joy topa bilgan.

Botir "san‘atkorlar oilasida o‘sgani" ushbu sohaga mehr qo‘yishiga sabab bo‘lganini aytadi.

"Bolaligimdan san‘at muhiti ta‘siri ostida katta bo‘lganman. Oilamizda hamma san‘atkor. Bobom rahmatli, onamning adalari Nabijon Qodirov bastakor bo‘lganlar. Ham changchi, sozanda...Buvim Tojixon Axmedjonova Andijondagi Oxunboboyev nomli teatrida aktrisa bo‘lib ishlaganlar. Onam O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan aktrisa Zulxumor Qodirova bo‘ladilar. Ilk ustozim deb ham buvimlarni bilaman. U kishi menga kichkinaligimdan san‘at haqida tushunchalar berganlar", - deydi Botir Qodirov.

Botir avvaliga To‘xtasin Jalilov nomidagi Andijon davlat san‘at bilim yurtida, keyin esa, Toshkent Davlat Madaniyat institutining ashula va raqs estrada bo‘limida tahsil olgan.

"Onam mani andijonlik, maqom yo‘nalishidagi qo‘shiqlar ijrochisi Azizbek Zaynobiddinovga shogirdlikka berganlar. O‘sha kishining yonlarida yurib, o‘rganib, mumtoz qo‘shiqchilikka mehrim yanada oshgan. Institutda Orolmirzo Safarov, Rahmatjon Tursunov kabi ustozlardan tahsil olganmiz. Keyinchalik bastakorimiz Musaxon Nurmatovdan milliy estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqchilik sirlarini o‘rganganman", deydi u.

Botir Qodirov institutni 2005 yilda bitirgan.

"Va o‘shandan beri professional san‘atkor sifatida televideniye va radioda o‘zimning ilk qo‘shiqlarimni ijro etganman", deydi Botir.

Qo‘shiqchi ilk kontsertini 2006 yilda bergan va o‘shandan beri 4ta musiqiy albomini chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Botir Qodirov oilali, 5 farzandning otasi.

BBC mehmoni Botir Qodirovga savollaringizni quyidagi forma orqali bbcuzbek.com ga yo‘llang.

Keyingi mehmonlarimiz kimlar bo‘lishini istardingiz? Fikru mulohazalaringizni kutib qolamiz.