O‘zbekiston Tojikiston bilan bo‘lgan aksar chegara nuqtalarini berkitdi

Image caption O‘zbekiston va Tojkiston o‘rtasida 2000-yilda viza tizimi joriy etilgan

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston Tojikiston bilan bo‘lgan aksar chegara o‘tish nuqtalarini berkitib qo‘ygan.

Tojikiston Bojxona Qo‘mitasining xabar berishicha, ikki davlat o‘rtasidagi 16 o‘tish nuqtasidan hozirda faqat to‘rttasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi qoshidagi chegara qo‘shinlari matbuot kotibi Xushnud Rahmatulloyevning aytishicha, O‘zbekiston tomoni Tojikiston organlariga chegaradagi o‘tish nuqtalarining yopilishi sabablarini izohlamagan.

"O‘zbekiston bir tomonlama o‘tish nuqtalari faoliyatini to‘xtatdi. 2010 yilda Tojikistoning Panjakent tumanidagi "Sarazm" o‘tish nuqtasi noma‘lum sabablar bilan yopildi. Shu kungacha biz bunday amallar sabalarni bilmaymiz," - dedi janob Rahmatulloyev.

Tojikiston Bojxona Qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ne‘matboy Rahmatov Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot yig‘ilishida o‘tgan avgust oyida O‘zbekiston tomoni Tojikiston va O‘zbekiston chegarasidagi uch o‘tish nuqtasida tuzatish ishlari borayotgani sababli ularni berkitganini aytgan.

Ammo, rasmiyga ko‘ra, qolgan chegara o‘tish nuqtalarining yopilishi sabablari ma‘lum emas.

2000-yil Tojikiston va O‘zbekiston o‘tasida viza rejimi o‘rnatilishi ortidan ikki mamlakat fuqarolari bordi-keldisi o‘ta qiyinlashdi.

Ayni yilda O‘zbekiston terrorchi guruhlarning mamlakat ichkarisiga sizib kirishini oldini olish maqsadida Tojikiston bilan bo‘lgan chegara mintaqalarni minalashtirdi.

Shu kungacha mazkur mintaqalarda mina portlashidan sakson Tojikiston fuqarosi halok bo‘lgan va yana sakson olti kishi jarohatlangan.

O‘zbekiston tomonidan ham qurbonlar bor, ammo ular haqida aniq ma‘lumot yo‘q.

Shuningdeg o‘tgan yil noyabr oyidan boshlab janubiy Tojikistonga boradigan G‘alaba-Amuzang mintaqasidagi temir yo‘l portlash natijasida berkitildi.

Tojikiston tomoni temir yo‘l qatnovining to‘xtab qolishi natijasida 20 million dollardan ko‘proq zarar ko‘rganini aytadi.

Ikki mamlakat o‘rtasida "Abadiy do‘stlik" shartnomasi imzolangan, ammo ular o‘rtasida na havo va na quruqlik qatnovi mavjud.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning bu qadar abgorligiga sabab nima?

BBC ushbu savol bilan Londondagi Urush va Tinchlik Tadqiqotlari Markazidan Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Jon Maklaudga murojaat qildi.

Jon Maklaud: O‘ylashimcha, istehzoli yeri shundaki, ikki o‘rtadagi tarang munosabatlarning ildizi ularning madaniyat va tarixiy jihatdan o‘ta yaqinligi tufaylidir. Lekin, hayratlanarlisi shuki, mustaqilikka erishganlaridan beri, ikki o‘rtada o‘ta tanglik kuzatilmoqda. Bu tanglikning ildizlari bundanda avvalroqqa, Sovet Respublikalari tashkil etilgan paytga: yirik O‘zbekiston va kichik Tojikistonning paydo bo‘lishiga borib taqaladi. O‘zbekiston ko‘proq sanoat salohiyatiga ega, Tojikitson tabiiy resurslarga. Bu tanglikni keltirib chiqarayotgan sabablardan biridir. Yana bir sabab - yillar mobaynida ikki tomondan qilingan siyosiy bayonotlar. Tojikistondagi fuqaro urushi davrida mamlakatdagi o‘zbek jamoasi tarafkash sifatida ko‘rildi. Joriy tanglikning asosiy sababi esa Tojikistonda Rog‘un GESi qurilishi rejalaridir. O‘zbekiston buning oqibatida suv ta‘minotiga zarar yetadi, degan fikrda. Ko‘rinishicha, targ‘ibot jabhasida tojik tomonining qo‘li baland kelmoqda. O‘zbek tomonining da‘volarida ne qadar jon bo‘lmasin bu mujdani xalqaro miqyosda ko‘tarib chiqishlari mushkul kechyapti. Ana shu vaziyatda o‘zbek tomoni o‘z qo‘lidan keladigan bosimning boshqa turlaridan foydalanmoqda. Tojikistonda muhim yuklar tashiydigan poyezdlar yo‘li to‘silmoqda, chegarlardan o‘tish qiyinlashtirilmoqda va hakazo. Bularning hammasi Sovetlar davridan keyin mintqa davlatlarining o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda yuz tutayotgan qiyinchiliklariga yaqqol misol bo‘la oladi.

BBC: Markaziy Osiyo mintaqasidagi har bir mamlakatning boshqasi bilan muayyan muammolari bor, lekin hech birining o‘rtasidagi munosabat Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida bo‘lganchalik yomon emas, bunga sabab nima?

Jon Maklaud: O‘sha aytganimdek, ularning o‘ta yaqinligi menimcha. Ikkala mamlakatda ham yirik o‘zbek va tojik jamoalari yashaydi. Sho‘rolar qulashidan keyin jamiyat qurilishida bu jamolar endilikda diaspora sifatida ko‘rila boshlandi, vaholanki ular yerlik aholi, ular faqatgina chegarlar chizilgan vaqtdagina, tasodif tufayli, u yoki bu tarafda bo‘lib qolishgan. Yillar mobaynida ikki o‘rtadagi raqobat va tanglik o‘sib, hozirga holatga olib keldi. Bundan tashqari ikki rahbar o‘rtasidagi risoladagidek bo‘lmagan munosabatlar ham bunda rol o‘ynamoqda. Bu ikki rahbar munosabati tenglar musobaqasi emas. Albatta Prezident Kramovning mavqe‘i kuchliroq. U kuchliroq iqtisod va tranzit yo‘nalishlar ustidan nazoratga ega. Imomali Rahmon mavqe‘i esa zaifroq.

BBC: Ba‘zi kuzatuvchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning tang ekanligiga asosiy sabab aynan ikki rahbarning bir-biri bilan chiqisha omasligi deb bilishadi. Siz bunga qo‘shilasizmi?

Jon Maklaud: Albatta, ular o‘rtasidagi munosabat risoladagidek emas, lekin bu ikki mamlakat o‘rtasidagi muammolar ko‘p ekanligi tufayli deb o‘ylayman. Chunki, bu ikki rahbar Sovet Ittifoq qulashidan keyin kelib chiqqan mushkul muammolarni yechishda mushkulliklarga yuz tutmoqdalar. O‘zbek tomoni tabiiy gazimiz bor uni jahon narxlarida sotamiz deydi, lekin suvni tabiiy zahira va tovar sifatida ko‘rmaymiz, deya da‘vo qiladi. Tojik tomoni esa bu kabi yondoshuvni adolatsiz, deya ko‘radi. Lekin, aytib o‘tganimdek, targ‘ibot jabhasida, menimcha, tojiklarning ovozi balandroq va muvaffaqiyatliroq yangramoqda. O‘zbek tomoni esa ikkala tomon uchun ham foydali bo‘lmagan qadamlar bilan javob bermoqda. Bularning hammasi aslida jiddiy yondoshib, yechimini topish kerak bo‘lgan muammolarning mavjudligini ko‘rsatadi.