Tojikiston taqirboshlarni mehmonga chaqirmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Rasmiy Dushanbe Rossiyadagi millatchi guruhlar rahbarlarini Tojikistonga taklif etishga ham hozir

Tojikiston Muhojirlik xizmati chet o‘lkalarda mehnat muhojirligida band fuqarolariga nisbatan salbiy munosabatlarni o‘zgartirish uchun maxsus markaz tashkil etmoqchi.

Rasmiy Dushanbe Rossiyadagi millatchi guruhlar liderlari bilan ham uchrashishga hozir ekanini bayon etmoqda.

Mas‘ullar tojik madaniyati bilan shaxsan tanishishlari va mahalliy aholi bilan muloqotda bo‘lib ko‘rishlari uchun ularni Tojikistonga ham taklif etishmoqchi.

Xorijiy davlatlarda tojikistonlik mehnat muhojirlari haqidagi tasavvurlarni yaxshilashga qaratilgan ushbu g‘oya prezident Imomali Rahmon boshchiligidagi Xalq-demokratik partiyasidan tashqari, Xalqaro Muhojirlik tashkiloti tomonidan ham qo‘llanmoqda.

Tojikiston hukumati yangi markazga moliyaviy jihatdan yordam berishga ham va‘da berayotir.

Tashkilotchilar asosiy e‘tiborlarini aksariyat tojikistonlik fuqarolar mehnat muhojirligida band Rossiya va Qozog‘istonga qaratishmoqchi.

Tojikiston Muhojirlik xizmatining bildirishicha, ayni shu munosabat bilan mamlakatda xalqaro yoshlar festivali o‘tkazish rejasidalar va bu g‘oyalari mas‘ullar tomonidan ham ma‘qullangan.

Buyog‘i qanday bo‘ladi?

Ayon bo‘lishicha, tojikistonlik mehnat muhojirlari haqidagi salbiy qarashlarni o‘zgartirish ishlari bilan maxsus ishchi guruhlari shug‘ullanishadi.

Bu kabi ishchi guruhlari Tojikistonning Qozog‘iston va Rossiyadagi elchixonalari qoshida tuziladi.

Bundan tashqari, rossiya va qozog‘istonlik tajribali siyosatshunoslar, jurnalistlar, tarixchilar va sharqshunoslar Tojikistonning obro‘sini yaxshilashga o‘z hissalarini qo‘shishadi.

Ular asosan turli internet portallarida Tojikiston haqida yaxshi xabarlar chop etish va Rossiyaning federal telekanallari orqali mamlakat erishayotgan yutuqlarni ko‘rsatish bilan band bo‘lishadi.

Ularning xizmati arzonga tushmasa-da, tojik hukumati moliyaviy tomoniga turib berishini aytmoqda.

Ammo mas‘ullar butunboshli loyihaning o‘zlariga qanchaga tushishi haqida hozircha aniq bir narsa deyishmayotir.

"Odamlarda shakllanib qolgan fikrlash tarzini o‘zgartirish juda ham muhim. Chunki biror bir tojikistonlik rus tilida yaxshi gapirsa yoki Moskva orqali Ovro‘po davlatlariga uchadigan bo‘lsa, Rossiyada hayron bo‘lib qarashadi. Bu yerdagilarning nazdlarida pasportingda millating tojik, deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, sen albatta savodsiz narkokurьer yoki farrosh bo‘lishing kerak", deydi Slavyansk universiteti qoshidagi Muhojirlik masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti rahbari Rahmon O‘lmasov.

Tojikistonlik tahlilchi Parviz Mullojonovning aytishicha esa, bugungi kunda "tojik" degan so‘z Rossiyada etnik mohiyatini yo‘qotib, "qora ishchi", degan ma‘nini anglatib qolgan.

Ammo, unga ko‘ra, mamlakat mas‘ullari haqiqatdan ham mehnat muhojiri haqidagi qarashlarni o‘zgartirmoqchi bo‘lishsa, ularni ma‘lumotli qilishga pul sarflashlari kerak. Yaxshi kasb egasi bo‘lib, rus tilida ravon gapira olsa, ularga nisbatan munosabat shundoq ham o‘zgaradi", deydi u.

Hammasiga "Nasha Russia" sababchi

Hamma mojaro Rossiyaning TNT telekanali orqali tojik mehnat muhojirlari hajv etilgan "Nasha Russia" dasturi orqali boshlangandi.

Dasturning ayrim o‘rinlari tojikistonlik deputatlar va muhojirlarning tushunmovchiliklariga sabab bo‘lgandi.

Ular "Nasha Russia"ni uzatishni bas qilish va "Taqdir urug‘lari" komediyasi tushirilgan disklar savdosini to‘xtatish talabi bilan rossiyalik mas‘ullarga ham murojaat etishgandi.

Muhojirlik masalasi

Image copyright BBC World Service
Image caption "Mamlakat mas‘ullari haqiqatdan ham mehnat muhojiri haqidagi qarashlarni o‘zgartirmoqchi bo‘lishsa, ularni ma‘lumotli qilishga pul sarflashlari kerak..."

Muhojirlik - rasmiy Dushanbe uchun eng og‘riqli savollardan biri sanaladi.

Rossiya orqali tirikchiligini o‘tkazayotgan tojikistonlik mehnat muhojirlarining aniq sonini hech kim bilmaydi.

Tojikistonlik mas‘ullar yarim millionga yaqin deyishsa, norasmiy manbalarda ularning bir yarim millioncha ekani aytiladi.

Mehnat muhojirlarining har yili Tojikistonga 4 milliard dollargacha mablag‘ yuborishlari aytiladi.

Tojikiston aholisining bir milliondan ortiqrog‘i ana shu mablag‘ orqasidan kun ko‘rishadi.

Ustiga ustak, Tojikistondan mehnat muhojirligi yil sayin ortib borayotgani kuzatiladi.

.